Mustaqillik bayramining 31 yillik shodiyonasi oldidan va bayram kunlari poytaxtimiz hamda respublikamizning barcha shahar, tuman markazlarida asosiy turdagi oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining bayram oldi savdo yarmarkalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Ushbu arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, hokimliklar, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Asalarichilar uyushmasi, Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi va fermer xo‘jaliklari tomonidan tashkillashtirilmoqda.
Mamlakatimizdagi dehqon bozorlari hamda aholi zich istiqomat qiladigan mahallalarda tashkil etilgan yarmarkalar 2022-yilning 20-avgustidan 5-sentyabriga qadar har kuni bozorlarning ish vaqti chegarasida, yaʼni soat 08:00 dan 20:00 gacha ishlaydi.
Taʼkidlash joiz savdo nuqtalarida sotuvchilar uchun barcha zaruriy sharoitlar yaratilgan. Jumladan, rastalar, sovutkichlar, tarozilar va mahsulotlarni saqlash uchun omborxonalar, to‘lov terminallari bilan taʼminlab berilmoqda.
Oziq-ovqat yarmarkasining formati fermerlar va dehqonlarga o‘z mahsulotlarini peshtaxtalarni ijaraga olmagan holda xaridorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish imkoniyatini beradi. Bu qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilarning xarajatlarini kamaytiradi va xaridorlar uchun yakuniy narxda o‘z aksini topishi shubhasiz. To‘lovlarni plastik kartalar yordamida amalga oshirish mumkin.
Poytaxtimiz Toshkent shahridagi asosiy 12 ta Оloy, Farhod, Askiya, Sergeli, Eski Juva, Aviasozlar, Qo‘yliq, Yunusobod, Mirobod, Qoraqamish, Navro‘z va Chilonzor dehqon bozorlarida meva-sabzavot, poliz, dukkakli, guruch, go‘sht va sut mahsulotlari, tuxum, o‘simlik yog‘i, shakar va turli ichimliklar savdosi tashkil etilgan. Qishloq xo‘jaligi vazirligi tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda maxsus oziq-ovqat yarmarkalarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining sotilishini kunlik monitoring qilmoqda, ularning narx-navosi hamda bozorlarning mahsulotlar bilan taʼminlanganlik darajasini kuzatib bormoqda.
Har bir alohida bozorda yarmarkalar o‘z xususiyatlariga va assortimentiga ega, boisi ular respublikamizning turli viloyatlaridagi dehqonlar tomonidan shakllantirilmoqda.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: