2022-yil 18-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov vazirlik huzuridagi 3 ta: Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti, Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti hamda Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutiga tashrif buyurdi. Ularning faoliyati bilan tanishib, yangiliklar va kelgusidagi rejalarga qiziqdi.
Yosh ilmiy xodimlarni xorijda o‘qitish tajribasini faollashtirish taklif etildi
Dastlabki manzil Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti bo‘ldi. Vazir institutning ochiq maydon va issiqxonalardagi tajriba dalalarida amalga oshirilayotgan tadqiqotlar bilan tanishdi. Shuningdek, kartoshka urug‘chiligi sohasini takomillashtirish, uning mahalliy navlarini virusdan holi usulda yetishtirishda xorijiy hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Aziz Voitov tomonidan institutning yosh ilmiy xodimlari malakasini xorijda oshirish bo‘yicha tajribani faollashtirish ta’kidlandi. O‘simliklarni himoya qilish laboratoriyasi, Agrokimyo va o‘simliklar fizioligiyasi laboratoriyalari ko‘zdan kechirildi, davlat ilmiy texnik dasturi doirasida yangi loyihalar ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Tizimdagi ilmiy-tajriba stansiyalarini moddiy texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladigan bo‘ldi.
Soha bo‘yicha yetakchi ilmiy muassasa hisoblangan institutda joriy yilda Davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida jami 11 ta, jumladan, 6 ta amaliy va 5 ta innovatsion loyihalar bo‘yicha tadqiqotlar olib borilmoqda.
Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti 1933–yil Respublika sabzavot stansiyasi negizida barpo etildi. 2021-yil 24-sentyabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 601-son qarori bilan qayta tashkil etilgan.
Institut sabzavot, poliz, kartoshka ekinlarining yangi nav va duragaylarini yaratish, ularning birlamchi urug‘chiligini tashkil etish, yetishtirish texnologiyasini ishlab chiqish va takomillashtirish, mahsulot sifatini yaxshilash, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish borasida ko‘p qirrali ilmiy izlanishlarni amalga oshiradi.
Institut tarkibida Toshkent tajriba uchastkasi, Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida ilmiy-tajriba stansiyalari mavjud.
Ushbu muassasada “Sabzavot-poliz ekinlari seleksiyasi”, “Sabzavot va poliz ekinlari urug‘chiligi”, “Kartoshka seleksiyasi va urug‘chiligi”, “Agrokimyo va mahsulot sifati”, “Sabzavot, poliz va kartoshka ekinlari agrotexnologiyasi”, “Issiqxona sabzavotchiligi”, “O‘simliklarni kasallik va zararkunandalardan himoya qilish” laboratoriyalari faoliyat yuritmoqda.
Buyurtma asosida ko‘chat yetishtirish tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatma berildi
Keyingi manzil Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti bo‘ldi. Bugungi kunda ushbu institutda 15 ta ilmiy-tajriba stansiyalari va 1 ta “Respublika bog‘bonlar maktabi” faoliyat olib bormoqda.
Mamlakatda institutining 16 ta hududiy filiali, ilmiy tajriba stansiyasi va uchastkalari mavjud. Ularda behi, nok, uzum, o‘rik, olxo‘ri, limon, shaftoli, xurmo, qulupnay, qorag‘at kabi mevalarning ko‘chatlarini yetishtirish, turli navlar yaratish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari olib boriladi.
Vazir institutga tashrifi davomida In-vitro laboratoriyasida ko‘paytirilgan payvandtaglarni tashqi muhitga moslashtirish xonalarini oshirish, yer maydonlari va issiqxonalardan samarali foydalanish bo‘yicha topshiriqlar berdi.https://www.agro.uz/sabzavot-poliz-ekinlari-va-kartoshkachilik-ilmiy-tadqiqot-instituti/
Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi bilan bir yil oldin buyurtma asosida ko‘chat yetishtirish tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Samarqand viloyatidagi “SAG Agro” MCHJ, Toshkentdagi “Denova” MCHJ va boshqa xususiy ko‘chatchilik sub’yektlari bilan In-vitro sharoitida meva va tok pavandtaglari hamda ko‘chatlarini ko‘paytirishni o‘rganish va hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha takliflar tayyorlashga eʼtibor qaratildi.
Institutning asosiy vazifasi bog‘dorchilik, uzumchilik, va sitruschilik sohalarida yuqori hosilli, kasalliklarga chidamli, raqobatbardosh, eksportbop meva va uzum navlarini yaratish hamda ularni yetishtirishda ilmiy asoslangan resurstejamkor ilg‘or texnologiyalarni ishlab chiqishdan iborat. Xalqaro standartlarga mos va eksportbop mevali daraxt, tok, rezavor va sitrus o‘simliklarning ko‘chatlarini yetishtirish hamda ularni realizatsiya qilish bilan ham shug‘ullanadi.
1898-yilda Turkiston qishloq xo‘jalik tajriba stansiyasi sifatida tuzilgan institutda barcha qishloq xo‘jaligi ekinlari bo‘yicha ilmiy ishlar olib borilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 10-fevraldagi “O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ilmiy ishlab chiqarish markazi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi PQ-2125-sonli qaroriga asosan qayta tashkil etildi. 2014-yilda unga atoqli o‘zbek akademigi Mahmud Mirzayev nomi berildi.
Paxtachilik seleksiyasi bilan tanishildi
Aziz Voitov ishchi guruh bilan birgalikda 2022-yilning avgust oyida tashkil etilganining 100 yilligini nishonlagan Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutiiga ham tashrif buyurdi.
U “O‘simliklar fiziologiyasi va biokimyosi” laboratoriyasining tajriba maydonida institut faoliyati, oq va tabiiy rangli g‘o‘za navlari namunalari, garmselga (issiq shamol) chidamli g‘o‘za duragaylari va naslchilik materiallari bilan tanishdi. Paxta biotexnologiyasi bo‘yicha O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma laboratoriyasi faoliyatini o‘rgandi.
Ta’kidlash joizki, Paxtachilik seleksiyasi, urug‘chiligi va qishloq xo‘jaligi texnologiyasi ITI paxtachilik sohasini rivojlantirishdagi asosiy tashkilot hisoblanadi.
Institutning vazifasi: gʻoʻza genetikasi, seleksiyasi, urugʻchiligi boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, paxta va shunga oʻxshash ekinlarni yetishtirish agrotexnologiyalarining ilmiy va amaliy asoslarini takomillashtirish, shuningdek, oʻtkazilgan tadqiqotlar asosida ilmiy-texnikaviy mahsulotlarni ishlab chiqishdan iborat.
Muassasa qishloq xo‘jaligini jadal rivojlantirishga yo‘naltirilgan strategik yo‘nalishlar va istiqbolli tadqiqot mavzularini belgilash bo‘yicha qoʻllanma va tavsiyalar ishlab chiqmoqda.
Bundan tashqari, g‘o‘za va bedaning raqobatbardosh yangi navlarini yaratmoqda. Hududlarning tuproq-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda ilmiy ishlanmalarni joriy etmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: