Anor shifobaxshligi bilan boshqa mevalardan ajralib turadi. Mevalari tarkibida qand, organik kislotalar, tanin, oqsillar, pektin, shuningdek temir, kobalt, yod, С, R, A vitaminlari bor. Mevalari, barglari, ildizi va gullari tarkibida С vitamini 250-1300 mg gacha mavjud. Mana shunday o‘ta foydali bo‘lgan anor mevasini yetishtirilishi, foydali jihatlari haqida bayon etamiz.
Respublikada yetishtirish. Mamlakatimizda barcha toifadagi xo‘jaliklarda jami 10,8 ming gektar maydonda 82,9 ming tonna anor hosili yetishtiriladi. Shundan, fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalarida 7,6 ming gektardan 44,0 ming tonna hamda aholi tomorqa maydonlarida 3,2 ming gektardan 38,9 ming tonna anor hosili olinadi. 2022-yilda 10,5 ming gektar yangi anorzorlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Anor O‘rta Osiyoda qariyb 2000 yildan buyon ekilmoqda. U dastlab Ozarbayjon, Eron va Afg‘oniston hududlarida yetishtirilgan. MDH mamlakatlari orasida anorzorlarning 25% dan ko‘prog‘i aynan O‘zbekistonda joylashgan.
Uzoq yillardan buyon mamlakatimizda anorzorlar barpo qilinib, istiqbolli navlari ekilmoqda. Anor kichikroq daraxt yoki buta shaklida o‘sib, bo‘yi 2-5 m gacha yetadi. Ko‘plab ildiz bachki chiqaradi, novdasi sertikan bo‘ladi. Nordon anor navlarining novdasi shirin anornikiga qaraganda yanada sertikan bo‘ladi.
Issiqsevar o‘simlik. Anorning o‘sish davri 180-225 kundan iborat. U issiqsevar o‘simlik. Janubiy hududlarda anor dengiz sathidan 1200 m balandlikda, qariyb 700 mm yog‘ingarchilik bo‘ladigan lalmikor yerlarda yetishtiriladi. Anor bog‘lari bir yillik ko‘chatlardan barpo etiladi. Anor bog‘ini barpo etish uchun yer odatdagi usulda tayyorlanadi. Anor sovuq shamollardan himoyalangan va quyosh qizdirib turadigan unumdor qumoq bo‘z tuproqlarda yaxshi o‘sadi.
Uning po‘chog‘idan jun va zig‘ir tolali buyumlarni, iplarni bo‘yashda, siyohlar tayyorlashda foydalaniladi. Gullaridan qizil rangli gazlamalar, siyohlar uchun qizil bo‘yoqlar tayyorlanadi. Anor mevasidan qandolatchilik sanoatida va tabobatda foydalaniladi.
Sog‘likka koni foyda. Anor po‘chog‘i va ildizini qaynatib, suvidan tabobatda oshqozon ichak kasalliklarini davolashda foydalaniladi. Uning yog‘ochi qimmatbaho material hisoblanadi. U manzarali o‘simlik sifatida ham o‘stiriladi. Anor o‘simligining mevasi, poya va ildiz po‘stlog‘i, meva po‘stlog‘i turli kasalliklarga davo hisoblanadi. Xalq tabobatida anor ildizlari maydalanib, aloe sharbati bilan aralashtirilib, suyak singanda og‘riq qoldiruvchi sifatida ishlatiladi.
Anor guli va meva po‘stloqlarining qaynatmasi ich ketishini to‘xtatishga yordam bersa, uning gulidan tayyorlangan bug‘lama yaralarni tuzatadi, ildizidan tayyorlangan damlama yaralarni yo‘qotadi.
Anor sharbati buyrak, buyrakdagi toshlar, o‘t pufagi, gipertonik va yurak urishining tezlashuvi bilan bog‘liq kasalliklarda tavsiya qilinadi. Sharbatning shakarli qiyomi qonni ko‘paytiruvchi vosita hisoblanadi. Uning po‘stlog‘i va gullaridan tayyorlangan qaynatmasi tomoqni chayuvchi antiseptik vosita sifatida ishlatiladi. Barqaror meva va o‘simlik gullaridan tayyorlangan qaynatma qon to‘xtatuvchi vosita sifatida ishlatiladi. Po‘stining spirtli ekstrakti suvli glitserin eritmasi yaralarning bitishini tezlashtiradi. Kavkaz va O‘rta Osiyoda anor daraxtining mevalaridan nafaqat ozuqa sifatida, balki zangila, bezgak, yaralarini davolash, hazm qilish tizimining buzilishi, ichburug‘, buyrak, jigar kasalliklarini davolashda ham keng foydalanilgan. Anor sharbatini organizm toliqqanida, kamqonlikda, aterosklerozda, nafas olish yo‘llari infeksiyalarida, bronxial astmada, anginada, radioaktiv nurlanishda ichish tavsiya etiladi.
Ko‘chatini yetishtirish. Bo‘lajak anorzorlarda hosildorlik ko‘pincha o‘tqaziladigan ko‘chatning sifatiga bog‘liq. Sifatli ko‘chatlar esa maxsus ko‘chatzorlarda yetishtiriladi.
Anor har xil tuproqli yerlarda o‘saveradi, lekin sizot suvlar chuqur joylashgan, unumdor, suv bilan yaxshi taʼminlangan, suvni yaxshi o‘tkazadigan tuproqli yerlarda yaxshi o‘sib, mo‘l hosil beradi. Sho‘rlangan va botqoqlashgan yerlarda yaxshi o‘smaydi. Uning ko‘chatini yetishtirishning eng oddiy va arzon usuli ildiz bachkilaridan va novdalaridan qalamcha ekib, ko‘chat tayyorlashdir. Anor ko‘chatlari, asosan, qalamchalardan yetishtiriladi. Qalamchalar esa odatda hosilga kirgan va bir qancha navlar ekilgan anorzorlardan olinadi.
Anor navlari. Anor bog‘larini yaratayotganda uning navlarini tanlashga eʼtibor qaratish kerak. Bunda erta hosilga kiradigan va mo‘l hosil beradigan navlar tanlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xo‘jaligi davlat reesrtiga anorni 4 ta navlari kiritilgan. Qulay sharoitlar mavjudligi sababli respublikamizda anorning quyidagi navlari o‘stirilmoqda: “Ulfi”, “Pushti Gulosha”, “Oq dona (tuyatish)” , “Achchiq dona”, “Desertniy”, “Qozoqi anor”, “Dashnobod” navi va boshqalar.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: