Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) va Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT)ga aʼzo davlatlar o‘rtasida qo‘shma yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosini soddalashtirishga oid o‘tkazilgan uchrashuvda ShHTga aʼzo davlatlarning tegishli vazirliklari mutaxassislari ishtirok etishdi. Tadbirda FAO hamda Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi (ISCAD)ning texnik taqdimotlari namoyish etildi.
Uchrashuv davomida transchegaraviy savdoni yengillashtirish yo‘llari, shu jumladan, yashil yo‘laklarni tashkil etish, transchegaraviy ulgurji taqsimlash markazlarini yaratish masalalari muhokama qilindi.
“2020-yilda koronavirus pandemiyasi inqirozi tufayli chegaralar yopilib, oziq-ovqat yetkazib berish zanjirlari uzilib qolganda, biz duch kelgan to‘siqlar markaz tashkil etilishning sabablaridan biri bo‘ldi. O‘shanda Prezident Qaroriga binoan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining strategik tahlilini amalga oshirish maqsadida Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi (ISCAD) tashkil etildi. Bu sohani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yanada samarali siyosat, dasturlar ishlab chiqish, shuningdek, ichki bozor va xalqaro darajada raqobatbardoshlikni oshirishga xizmat qilmoqda. Fikrimcha, tahliliy ishimiz va axborot mahsulotimiz mintaqamiz uchun ham, ShHTga aʼzo davlatlar uchun ham juda foydali bo‘ladi”, — dedi ISCAD markazi direktori, O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri maslahatchisi Alisher Shukurov.
Maʼlumki, ShHT davlatlari dunyodagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eng yirik ishlab chiqaruvchi va eksport qiluvchilari hisoblanadi. Ularning xalqaro oziq-ovqat ishlab chiqarish va yetkazib berish zanjirlarining uzluksiz ishlashini taʼminlashdagi ishtiroki jahon bozorida barqarorlikni saqlashga xizmat qilishi tadbir ishtirokchilari tomonidan taʼkidlandi.
Uchrashuvda FAO Bosh direktori o‘rinbosari Vladimir Raxmaninning taʼkidlashicha: “FAO va ShHT o‘z faoliyatini o‘zaro hurmat, ikki tomonlama manfaatdorlik, bir-birini yangi bilim va to‘plangan boy tajriba bilan boyitish asosida qurmoqda. 2024-yilgacha aniq ish reja bor. O‘tgan yili ShHT o‘zining 20 yilligini nishonladi. 16-oktyabrda Butunjahon oziq-ovqat kunida FAO o‘zining 77 yilligini nishonlaydi. Biz bir-birimiz bilan bilim va tajriba almashamiz. Hozir dunyo misli ko‘rilmagan qiyinchiliklarga duch kelgan bir paytda hamkorlik, saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish, bir-birini tinglash istagi va qobiliyati, o‘zaro hurmat ayniqsa, muhimdir”.
E’tiborlisi, FAO har doim barcha darajadagi ochiq va samarali savdo tizimini qo‘llab-quvvatlab keladi. Bu nafaqat barcha muhtojlarni oziq-ovqat bilan taʼminlash, balki qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish jarayonini yanada samarali tashkil qilish va xavfsizlikni taʼminlash imkonini beradi. Tadbirda mavzu doirasidagi muhokama va kelishuvlar ShHTga aʼzo davlatlar o‘rtasida qishloq xo‘jaligi oziq-ovqat mahsulotlari savdosini faollashtirish jarayonini yanada oldinga siljitish imkonini berdi va bu agrar sohani rivojlantirish, qashshoqlikni kamaytirishni taʼminlashga xizmat qiladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: