O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov rahbarligidagi ishchi guruh Samarqand viloyatida bo‘ldi. Avvaliga Jomboy tumanidagi Dehqonobod mahallasida joylashgan “Ohalik oltin bog‘i” MCHJ korxonasining ko‘chat yetishtiruvchi “in-vitro” laboratoriyasida seminar tashkil etildi. Tadbir doirasida ushbu tashkilotning ish jarayoni bilan ham tanishildi.
Seminar davomida vazirlik vakillari bilan uchrashish uchun yig‘ilgan fuqarolar hamda fermer xo‘jaliklari rahbarlari bilan muloqot qilinib, ularni qiziqtirgan savollarga javob berildi hamda muammo va takliflar atroflicha o‘rganildi.
Uchrashuvda Aziz Voitov tomonidan uzoq muddatli lizing asosida fermerlarga muzlatgichli omborxonalar va ixcham zamonaviy dala shiyponlari qurib berish bo‘yicha taklif bildirildi. Ushbu tashabbus seminar ishtirokchilari, xususan, qishloq xo‘jaligi korxonalari rahbarlarida qiziqish uyg‘otdi. Bu kabi zamonaviy qulay inshoatlar hozirgi kun talabiga mos kelishi va kelgusida ularni ko‘paytirish zarurligi taʼkidlandi.
Shuningdek, “Ohalik oltin bog‘i” MCHJ korxonasi rahbariyati tomonidan dala chetlariga “in-vitro” usulida yetishtirilgan ko‘chatlarni ekib, undan yuqori daromad olish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Bugungi kunda viruslardan holi har bir ko‘chatni yetkazib berish tannarxi subsidiyalar va qo‘shimcha imtiyozlar tufayli arzonlashtirilgani va shu orqali tarqatish mexanizmi ishlab chiqilgani yig‘ilish qatnashchilariga tushuntirib berildi.
Seminardan so‘ng ishchi guruh viloyatdagi “Beshbola Arovig” MCHJ korxonasiga tegishli 20 gektarlik maydonda yetishtirilgan bulg‘or qalampirining terim jarayonini ko‘zdan kechirdi.
Bundan tashqari, ushbu mahsulotning qayta ishlash jarayonini ko‘rish maqsadida Bulung‘ur tumanidagi “Bulung‘ur sandvik” MCHJ korxonasining meva-sabzavotlarni qayta ishlash zavodi faoliyati bilan tanishildi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: