Koreya qishloqlarni rivojlantirish korporasiyasi delegasiyasi (KRC) tashkilot direktori o‘rinbosari Li Sang Bong boshchiligida 2021 yil 21 apreldan 6 mayga qadar O‘zbekiston Respublikasida bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligida bo‘lib o‘tgan muzokaralar doirasida Koreya hukumatining 4,5 mlrd koreys voni miqdoridagi grant mablag‘larini jalb etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
O‘zbekistondagi ilg‘or meva-sabzavot ishlab chiqarish texnologiyalari bo‘yicha O‘quv markazini yaratish borasidagi loyihani ishlab chiqish va uni muhokama qilish hamda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining samaradorligini oshirish uchun O‘zbekiston mutaxassislariga ilg‘or tajribalarni yetkazish tashrifning asosiy maqsadiga aylandi.
“Loyiha qishloq xo‘jaligi sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning mantiqiy davomidir. Loyiha doirasida koreyalik mutaxassislar agrar siyosat bo‘yicha konsultasiyalar o‘tkazishadi, qishloq xo‘jaligida zarur bo‘lgan ixtisoslashtirilgan uskunalar yetkazib beriladi va o‘zbekistonlik mutaxassislarning Janubiy Koreyada ta’lim olishi tashkil etiladi”, – dedi korporasiya direktori o‘rinbosari Li Sang Bong.
Loyiha 2021 yildan 2025 yilgacha amalga oshiriladi, grant mablag‘lari Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida joylashgan AKIS agroxizmatlar markazining infratuzilmasini qurishga yo‘naltiriladi. Markaz fermerlarning agrotexnologiyalar bo‘yicha bilimlarini oshirish, xodimlar salohiyatini oshirish, shuningdek, ta’lim va o‘quv dasturlari orqali soha professionallarining malakalarini oshirishga mo‘ljallangan. Ta’kidlash joizki, ushbu markaz, shuningdek, 2021 va 2022 yillarda mamlakatimiz viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida ochiladigan ana shunday AKIS markazlari Qishloq xo‘jaligini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasini amalga oshirishning bir qismi sanaladi.
“Zamonaviy agroxizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha uzluksiz tartibda ishlaydigan va o‘z ichiga agrosanoat sohasidagi ta’lim, ilm-fan va innovasiyalarni olgan O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi bilimlari va innovasiyalari tizimi (AKIS)ning ishga tushirilishi munosabati bilan ham ushbu yordam o‘z vaqtida ko‘rsatildi”, – deydi O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirining maslahatchisi Alisher Shukurov.
Eslatib o‘tamiz, mavjud infratuzilma asosida (xususan, Koreya loyihasi doirasida qurilgan issiqxona va sovutish xo‘jaligi) tajriba tariqasida AKIS tizimidagi ilmiy-tadqiqot muassasalarida tadbirkorlik subyektlarini jalb etgan holda kichik ilmiy-innovasion korxonalarini yaratishga ruxsat beriladi.
Koreyalik mutaxassislarning O‘zbekistonga tashrifi natijalariga ko‘ra O‘quv markazi qurish bo‘yicha kelgusi ishlarning batafsil rejasi bitilgan hujjat imzolandi.
Korea Rural Community Corporation – qishloq joylarni rivojlantirish bo‘yicha Koreya davlat korporasiyasi hisoblanadi, u 1908 yilda tashkil etilgan. Asosiy faoliyat yo‘nalishlari: intensiv dehqonchilik uchun qishloq xo‘jaligi sohasini suv resurslari va infratuzilma bilan, xususan suv resurslarini boshqarish bo‘yicha yangi texnologiyalarni joriy etish hisobiga ta’minlash; quyosh va shamol energiyasidan foydalangan holda “yashil energiya” sohasidagi eng yangi texnologiyalarni qo‘llash; akvakultura sanoatini rivojlantirish (sun’iy suv havzalarida baliq yetishtirish). KRC o‘z texnologiyalarini faol ravishda eksport qilmoqda, so‘nggi o‘n yilliklar ichida kompaniya 22 mamlakatda jami 88 mlrd AQSH dollari qiymatidagi 87 ta loyihani amalga oshirgan.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: