Dehqon xo‘jaligini yuritish uchun fuqarolarga yer ajratishda ochiq, oshkora, shaffof tizim yaratilgan. Bu yerlar “Е-auksion” savdo platformasida ochiq elektron tanlov orqali ajratilmoqda. Elektron tanlovda ishtirok etib, yerdan foydalanish imkoniyatga ega bo‘lgan dehqonlar o‘ziga ajratilgan yer maydoniga ekin ekib, daromad ko‘rishmoqda, natijada, oilalariga baraka kirmoqda.
Kimlarga imtiyozlar bor? Yer ajratishda «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan hamda xorijdan qaytgan mehnat muhojirlariga ustuvorliklar beriladi. Bundan tashqari, ushbu daftarlarga kiritilgan aholiga dehqon xo‘jaligini yuritish uchun yer uchastkalari ochiq elektron tanlov orqali ijaraga berilganda, mazkur nazarda tutilayotgan shaxslar yuqoridagi daftarlardan chiqarilmaydi va ular uchun qonunchilikda belgilangan barcha imtiyoz va preferensiyalar bir yil muddatga saqlab qolinadi.
Qanday yer maydonlari ajratiladi? O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23- noyabrdagi PQ-20 va 2022-yil 10-sentyabrdagi PQ-373-son qarorlariga ko‘ra, fermer xo‘jaliklari va klasterlarning paxta va g‘alladan qisqartirilgan, aholi punktlariga yaqin hamda suv taʼminoti yaxshi bo‘lgan 100 ming gektar ekin yer maydonlari fuqarolarga ochiq elektron tanlov orqali ijara huquqi asosida 431 mingdan ortiq dehqon xo‘jaliklariga ajratib berildi.
Ajratilgan yerlarda “Bir hudud — bir mahsulot” tamoyili asosida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish uchun 18,4 ming gektar sabzavot, 10,3 ming gektar poliz, 10,1 ming gektar kartoshka, 21 ming gektar moyli va dukkakli, 33 ming gektar boshqa ekinlar ekildi. Natijada 2022-yilda 1,8 mln tonna (asosiy maydonda 1,4 mln tn, takroriy maydonda 300 ming tn) qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilib, 1,3 mln nafar yangi ish o‘rinlari yaratildi.
2023-yilda esa jami 96 ming 655 gektar ekin yer maydonlari 350 mingdan ziyod lotlarga bo‘lingan holda aholiga dehqon xo‘jaligini yuritish uchun ajratib beriladi. Dehqon xo‘jaligini yuritish uchun suv taʼminoti yaxshi bo‘lgan yerlardan — Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida 0,15 gektardan 1 gektargacha, boshqa viloyatlarda 0,30 gektardan 1 gektargacha hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 0,30 gektardan 2 gektargacha bo‘lgan o‘lchamlarda, kam suvli yerlardan — viloyatlarda 0,50 gektardan 1 gektargacha hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 0,50 gektardan 2 gektargacha bo‘lgan o‘lchamlarda 30 (o‘ttiz) yil muddatga ijaraga beriladi.
Tanlovda ishtirokchi qanday imtiyozlarga ega bo‘ladi?
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-noyabrdagi 709-sonli qarori bilan dehqon xo‘jaligini yuritish uchun yer maydonlarini ajratish bo‘yicha Reglament tasdiqlangan bo‘lib, unga ko‘ra, fuqarolar dehqon xo‘jaligini yuritish uchun bir marta ochiq elektron tanlov orqali yer uchastkasi olishi mumkin.
Ushbu ekin yer maydonlarini dehqon xo‘jaligi yuritish maqsadida aholiga berish uchun tashkil etiladigan ochiq elektron tanlovda 1 nafar talabgor ishtirok etgan taqdirda ham istisno tariqasida, tanlov o‘tkazilgan hisoblanadi.
Shuningdek, mahsulot yetishtiruvchilarga qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish uchun zarur bo‘lgan moddiy-texnik resurslar, shu jumladan, urug‘lik, ko‘chat, mineral o‘g‘it va kimyoviy vositalar yetkazib beriladi, shuningdek, zaruriy agrotexnik xizmatlar ko‘rsatish ishlarini tashkil etiladi.
Videolavhamizda Navoiy viloyatida ham ushbu tanlov orqali yer maydoniga ega bo‘lib, yaxshi daromad olishni va uni xorijiy davlatlarga eksport qilishni ko‘zlayotgan dehqonlar haqida hikoya qilamiz.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: