Bugun Berlindagi “Yashil haftalik–2023” doirasidagi ko‘rgazmada «Made in Uzbekistan» stendining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unga Germaniya Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi federal vaziri Jem O‘zdemir ham tashrif buyurdi.
Vazir Aziz Voitov boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi delegatsiyasi Germaniya delegatsiyasi hamda Germaniya Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi federal vaziri Jem O‘zdemir bilan uchrashdi.
O‘zbekiston tomoni “Made in Uzbekistan” stendi bo‘ylab sayohat tashkil etib, mamlakatimizdagi qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarishning yo‘nalishlari va yetishtirilgan mahsulotlar bilan tanishtirdi.
Mehmonlar O‘zbekiston stendiga katta qiziqish bildirdilar va kelgusida hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar. Tanishuvdan so‘ng Aziz Voitov va Jem O‘zdemir o‘zaro esdalik sovg‘alarini almashishdi va birgalikda suratga tushishdi.
Eslatib o‘tamiz, 240 kvadrat metr maydonga joylashtirilgan O‘zbekiston stendida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, mamlakatimiz viloyatlari va Toshkent shahridan 60 dan ortiq tadbirkorlarning milliy mahsulotlari namoyish etilmoqda. 227 turdagi qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari – yangi va qayta ishlangan meva-sabzavotlar, qayta ishlangan sut va go‘sht mahsulotlari, yog‘ va yog‘ mahsulotlari, salqin ichimliklar, qandolat mahsulotlari, un va un mahsulotlari, margarin mahsulotlari va boshqalar shular jumlasidan.
Shuningdek, bugun “Made in Uzbekistan” stendi hududida mehmonlarni o‘zbekistonlik oshpazlar “sho‘rva”, “somsa”, “non” va boshqa milliy taomlar bilan siylashdi, jonli tarzda milliy musiqalar ijro etildi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: