2023-yilda Respublikada paxtachilik va g‘allachilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklarida kichik, yengil konstruksiyali, barcha sharoitlarga ega bo‘lgan “dala uylari” tashkil etiladi. Jumladan, Jizzax viloyatining Paxtakor va Sharof Rashidov tumanlarida namuna tariqasida quriladigan “dala uylari” uchun talabgorlarning ro‘yxati tuzildi.
“Dala uylari” Jahon banki mablag‘lari hisobidan 15 yillik ipoteka krediti asosida quriladi. Kredit 2 yillik imtiyozli davr bilan xorijiy valyutada, yillik 6 foiz stavkada ajratiladi. Bunda fermer loyiha qiymatining 20 foiz miqdordagi to‘lovni oldindan amalga oshiradi. Loyihaning umumiy qiymati 280 mln so‘mni tashkil qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan hududlarda fermer xo‘jaliklariga qulay sharoitlar yaratish maqsadida kichik, yengil konstruksiyali, barcha sharoitlarga ega bo‘lgan zamonaviy tipdagi “dala uylari” tashkil qilish bo‘yicha topshiriqlar berilgandi.
Ushbu “dala uylari” O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Bog‘dorchilik vа issiqxonalar xo‘jaligini rivojlantirish agentligi tomonidan tashkil etiladi. Uning maydoni 70 kvadrat metrga teng.
Jamshid Normurodov, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Bog‘dorchilik vа issiqxonalar xo‘jaligini rivojlantirish agentligi Paxtakor tumani bo‘limi bosh mutaxassisi:
“Ushbu “dala uylar”i to‘qsonbosti ekinlarni ekish bilan shug‘ullanuvchi fermer, dehqonlar uchun mo‘ljallangan.
Unda yashash uchun barcha qulayliklar – ichimlik suvi, elektr energiyasi, oshxona, yotoqxona, yuvinish xonasi mavjud. Uyning sirti “fayber” betondan (tolali beton) iborat bo‘lib, devorlarning ichki qismi mineral vata (mineral jun) bilan to‘ldirilgan. Devorlar orasiga metal konstruksiyadan ustun qilingan”.
Afzalligi, uyni qisqa fursatda bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirish mumkin. Uyning zilzilaga seysmik chidamliligi 7 ballga teng. Muhimi, u turli ob-havo sharoitlariga, yog‘ingarchilikka bardoshli.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: