O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-maydagi “Dorivor o‘simliklar xomashyo bazasidan samarali foydalanish, qayta ishlashni qo‘llab-quvvatlash orqali qo‘shimcha qiymat zanjirini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-139-son Farmoni asosida berilayotgan imtiyozlar
Tumanlar qizilmiya, za’faron, kavrak, lavanda, steviya, moychechak, na’matak, ravoch, mavrak, dalachoy, tog‘rayhon, bo‘ymadaron, kiyik o‘ti, kovul, qalampir yalpiz va boshqa dorivor o‘simliklar yetishtirish bo‘yicha hududlar kesimida ixtisoslashtiriladi. Bunda, 2022-yildan 2026-yilgacha 36 000 gektar maydonda yangi dorivor o‘simliklar plantatsiyalari tashkil etiladi;
Yaratilayotgan har 10 gektar yer maydonidagi dorivor o‘simliklarning madaniy plantatsiyalariga suv chiqarish uchun burg‘ilangan quduq qazish, shuningdek, daryolar, kanallar hamda boshqa suv havzalaridan suvni tortish maqsadida nasos stansiyasini qurishga suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llash sharti bilan har bir metri uchun 600 ming so‘mdan, ammo 120 million so‘mdan oshmaydigan miqdorda Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasining tegishli dalolatnomasiga asosan respublika budjetidan tegishincha Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi orqali subsidiya ajratiladi;
dorivor o‘simliklarni madaniy plantatsiya tashkil qilish orqali yetishtirish uchun belgilangan tartibda ajratilgan yer uchastkalariga boshqa turdagi qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi;
eksportbop dorivor o‘simliklar yetishtirishni kengaytirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-avgustdagi “Mahallalarda tadbirkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlash va tadbirkorlik subyektlari bilan aholi o‘rtasida kooperatsiyani rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5214-son qarori 4-bandida nazarda tutilgan imtiyoz va moliyalashtirish tartiblari dorivor o‘simliklarni yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga ham tatbiq etiladi.
2022-yil 1-iyundan boshlab Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining 100 milliard so‘m mablag‘lari hisobidan tijorat banklari orqali quyidagilarga:
fermer, dehqon ho‘jaliklari va boshqa mahsulot yetishtiruvchilarga — dorivor o‘simliklarni yetishtirish uchun yillik 14 foiz (shundan 2 foizi bank marjasi) stavkada 6 oylik imtiyozli davr bilan 12 oy muddatga kreditlar ajratiladi;
dorivor o‘simliklarni qayta ishlovchi, saqlovchi va eksport qiluvchilarga — yetishtirilgan mahsulotni xarid qilishga talab etiladigan aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun yillik 14 foiz (shundan 2 foizi bank marjasi) stavkada 12 oylik “revolver” kreditlar ajratiladi. Bunda, ushbu kredit hisobidan klaster va kooperatsiyalarning tijorat banklaridan olingan boshqa kreditlarini so‘ndirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Dorivor o‘simliklarni chuqur qayta ishlashni (dorivor o‘simliklarni qayta ishlash asosida tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni) moliyalashtirish uchun Jahon bankining “Qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish”, “Farg‘ona vodiysida qishloq tadbirkorligini rivojlantirish” loyihalari va Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasining “Qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya va modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida 20 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘larni tijorat banklariga ajratiladi. Bunda:
ushbu mablag‘lar milliy valyutada yillik 14 foiz stavkada tijorat banklariga resurs sifatida joylashtiriladi;
tijorat banklari 5 yillik imtiyozli davr bilan 10 yil muddatga yillik 17 foiz stavkada (shundan 3 foizi bank marjasi) tijorat krediti ajratadi.
2025-yil 1-yanvarga qadar dorivor o‘simliklarni yetishtirishdan olgan daromadlari joriy hisobot (soliq) davri yakunlari bo‘yicha jami daromadning kamida 80 foizini tashkil etadigan tadbirkorlik subyektlaridan olinadigan yer solig‘i, foyda solig‘i va mol-mulk solig‘i stavkalari 50 foizga kamaytiriladi. Bunda, mazkur xatboshiga asosan soliqlardan ozod qilinadigan mablag‘lar dorivor o‘simliklar plantatsiyalarini kengaytirishga yo‘naltirilishi shart;
Dorivor o‘simliklar xomashyosidan biologik faol qo‘shimchalar, essensiyalar va ekstraktlar ishlab chiqaruvchilar tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun olib kelinadigan O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan texnologik va laboratoriya uskunalari, ularning butlovchi va ehtiyot qismlari, sendvich-panellar va ventilatsiya tizimlari hamda biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan xomashyo va materiallar, qadoqlash materiallari belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha 2025-yil 1-yanvarga qadar bojxona bojidan ozod qilinadi;
Dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash uchun foydalaniladigan texnologik va laboratoriya uskunalari, ularning butlovchi va ehtiyot qismlari, sendvich-panellar va ventilatsiya tizimlari, asbob-uskunalar, xomashyo, materiallar, kimyoviy preparatlar hamda himoya vositalarini olib kirishda qo‘shimcha qiymat solig‘ini 180 kunga kechiktirib to‘lash imkoniyati beriladi;
Dorivor o‘simliklar xom ashyosi hamda undan tayyorlangan biologik faol qo‘shimchalar, essensiyalar va ekstraktlarni eksport qiluvchi tadbirkorlik subyektlarining eksport uchun sarflangan avtomobil, temir yo‘l va havo transportida tashish xarajatlarining 50 foizigacha qismi Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan qoplanadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: