Toshkent Davlat agrar universitetida O‘zbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi tashabbusi bilan ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi. Tanlov Toshkent Davlat agrar universiteti hamda BMT Taraqqiyot Dasturi va Qishloq xo‘jaligi vazirligining “Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sektorining “yashil iqtisodiyot”ga inklyuziv o‘tishini qo‘llab-quvvatlash va iqlimga yo‘naltirilgan qishloq xo‘jaligi bilimlari va innovatsion tizimini rivojlantirish (EU-AGRIN)” loyihasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Eshmirza Abdualimov, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian, Toshkent davlat agrar universiteti rahbariyati, O‘zbekiston “Аgrar soha ayollari” uyushmasi rahbari Adiba Ahmadjonovalar ishtirok etishdi.
Tanlovdan ko‘zlangan maqsad – mamlakatimizdagi gender siyosatini qo‘llab-quvvatlash, mutaxassisligi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalar olayotgan talaba qizlarni rag‘batlantirish, agrar sohada zamonaviy va bilimdon mutaxassislar tayyorlash, jamiyatda munosib o‘rinlarini egallashlariga ko‘maklashishdan iborat.
Tanlovning saralash bosqichlariga 7 ta fakultetdan jami 2 703 nafar talaba qizlar jalb qilindi, ulardan 49 nafari fakultetlararo saralash bosqichida ishtirok etdi. Har bir ko‘rik-tanlov 4 shartdan iborat bo‘lib, jumladan, ko‘rik-tanlovning yakuniy bosqichida 7 nafar talaba qizlar o‘zaro bellashdilar. Ular tanlov davomida ijodiy ishlari va qo‘l mehnati namunalarini namoyish etdilar. Tezkor savollarga tezkor javob berish sharti orqali egallayotgan mutaxassisliklari bo‘yicha bilimlarini sinovdan o‘tkazdilar. “Istiqbol rejalari” shartida qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda iqlim o‘zgarishiga moslashish, “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish va innovatsion yondashuvlar bo‘yicha o‘z g‘oyalari taqdimotini qildilar.
Ishtirokchi qizlarning bilimi va intilishi sohada o‘z g‘oyalariga ega, faol yoshlarning soni ortib borayotganidan dalolat beradi.
Tanlovning yakuniy bosqichi g‘oliblariga tashkilotchilarning qimmatbaho sovg‘alari taqdim etildi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: