Bugungi kunda dunyoda qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtiriladigan yer maydonlari 1,6 mlrd gektarga teng bo‘lib, shundan 1,3 mlrd gektari lalmi yerlar hisoblanadi. Ularda qishloq xo‘jalik mahsulotlarining 60 foizi yetishtiriladi. Respublikamizda lalmi ekin yerlarning umumiy maydoni 755,9 ming gektarni yoki qishloq xo‘jalik yer turlarining 2,9 foizini tashkil etadi.
Shu bois, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirishda lalmi yerlardan samarali foydalanish, unumdorligini saqlash va oshirish, ekinlardan yuqori va sifatli hosil olishda turli agrotexnologiyalarni qo‘llash muhim ahamiyat kasb etadi. Mana shunday lalmi yerlar uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining yangi navlarini yaratishda Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi ilmiy-tadqiqot institutlari va ularda faoliyat olib borayotgan olimlarning hissasi katta. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Lalmikor dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini boshlaganiga 110 yil bo‘lgan bo‘lsa, shu yillar mobaynida bu yerda 20 ga yaqin qishloq xo‘jalik ekinlarining 246 ta serhosil navlari yaratildi.
Institutning umumiy yer maydoni 1 986,8 gektar bo‘lib, shundan 1 734,8 gektar maydoni qishloq xo‘jaligidan foydalaniladigan yerlar, 167,2 gektar maydon ixota daraxtzorlari, 67,9 gektar maydon boshqa yer turlariga, 16,9 gektar yaylov yerlari tarkibiga kiradi. Institutning Baxmal ilmiy-tajriba stansiyasi mavjud.
So‘nggi yillarda institut olimlari tomonidan yumshoq bug‘doyning— “Istiqlol-6”, “Istiqlol-20”, Semurg‘, Bahor-1, “Saʼd-2010”, Qipchoqsuv, Sanzar-40, Do‘stlik 29, Zarbuloq, Sug‘diyona, Qizildon, No‘shkent, Baxmal 97, qattiq bug‘doyning—“Istiqlol-5”, Istiqbolli, “Olmos-2011”, Yoqut-2014, Billurdon, Kumushdon, arpaning— “Do‘stlik-2011”, “Bahorikor”, “Abu-G‘ofur 20”, “Mushtarak”, “Noyob”, Ang‘iz, “Istak”, “Obikor”, “” “Abu G‘ofur-20”, Mushtarak, Ixtiyor, Xotira 59, Obikor navlari tritikalening — “Do‘stlik-4”, “Sardor”, “Zarbdor” no‘xatning “Mustaqillik-20”, “Iftixor”, “Zabardast”, “Guliston” kabi serhosil yangi navlari yaratildi. Seleksiya yutuqlari uchun jami 25 ta patent olindi.
Joriy yilda qishloq xo‘jalik ekinlarining 10 ta navi, jumladan: yumshoq bug‘doyning— 2 ta: “Zarbuloq”, «Do‘stlik 29»; qattiq bug‘doyning— “Kumushdon”, “Melyanopus-29”; arpaning— “Istak”, “Ang‘iz”, “Noyob”, tritikalening— “Zarbdor”, no‘xatning— “Zabardast”, maxsarning— “Moydor”, zig‘irning— “Lalmikor”, yashil no‘xatning “Shoda” navlari Davlat nav sinash markaziga topshirilgan.
Albatta, bu yangi navlarning yaratilishida ilmiy-tadqiqot institutining laboratoriyalari va ularda olib borilayotgan ishlar ahamiyatli. Institutda “Yumshoq bug‘doy genetikasi, seleksiyasi va urug‘chiligi”, “Arpa va yem-xashak ekinlari genetikasi, seleksiyasi va urug‘chiligi”, “Moyli ekinlar genetikasi, seleksiyasi va urug‘chiligi”, “O‘simliklarni himoya qilish va fiziologiya” kabi 9 ta laboratoriya faoliyat olib bormoqda.
Lalmikor dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti va undagi laboratoriyalar faoliyati haqida videolavhamizda tomosha qiling.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: