Xabar qilib borayotganimiz O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mas’ullaridan iborat delegatsiya ayni kunlarda Ozarbayjonda xizmat safari bilan bo‘lib turishibdi. Navbatdagi lokatsiya ikki qismga bo‘lingan. Dastavval Ozarbayjon oziq-ovqat xavfsizligi institutiga tashrif amalga oshirildi.
800 dan ziyod malakali ishchi xodimlar faoliyat yuritadigan ushbu maskan chuqur tahlil laboratoriyalari va ilmiy izlanishlar amalga oshiriladigan muassasa demak. Uning faoliyati 4 ta asosiy yo‘nalishda olib borilishi belgilangan. Bu yerda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan 5 ta zamonaviy blok-laboratoriyalar ishlab turibdi. Veterinariya yo‘nalishida esa ularning soni 8 tani tashkil qiladi. Fitosanitariya bo‘yicha 5 ta, majmuaviy tahlillar esa yana 5 ta laboratoriyalarda amalga oshirilmoqda. Barcha laboratoriyalar akkreditatsiyadan o‘tgan hamda lozim darajadagi sertifikatlarga ega. Bu davr talabi. Shuning uchun mazkur laboratoriyalar xorijdagi sohaviy laboratoriyalar aro qiyosiy tekshiruvlarni o‘tkazib kelmoqda. NASSR sertifikatiga egaligi ham bunga keng yo‘l ochgan. Mazkur institutning yana bir maskani borki, unga ham to‘xtalamiz. Bu “Ilmiy tadqiqotlar markazi” departamentidir. Innovatsion va zamonaviy yechimlarni o‘z ichiga olgan tahlillar ayni shu yerda amalga oshiriladi. Ilmiy-amaliy tekshirish va qiyoslash ham departament zimmasida. Xodimlar ayni talabdan kelib chiqib dunyoda bo‘layotgan o‘zgarish va yangiliklarni tizimga tatbiq etishga mas’uldir. Ilmiy izlanishlar o‘ziga xos muhit va uskunalarni talab etadi. Institut ayni masalada haqli ravishda maqtansa arziydi. Ilm va izlanish uchun barcha sharoit muhayyo. Eng so‘nggi rusumdagi laboratoriya jihozlari esa o‘z oldilariga qo‘ygan vazifa va masalani zamonaviy tarzda yechishga imkon bermoqda. Mutaxassislar kasallik va ularning turlari, oziq-ovqatda uchraydigan kasallik tarqatuvchi organizmlar haqida batafsil va atroflicha ma’lumot tayyorlab, agentlikka taqdim etadilar. Avvalgi maqolamizda Oziq-ovqat xavfsizligi agentligi haqida bayon qilgan edik. Mazkur institut ayni tashkilotning ilmiy bazasi hisoblanadi. Ochig‘i, har kuni bu yerda ish qizg‘inligi, xodimlarning o‘z kasblarini yaxshi ko‘rishlari mehnat munosabatlari to‘g‘ri tashkil etilganidan darak.
Ikkinchi lokatsiya Agrar kreditlash va rivojlanish agentligi bo‘ldi. Ozarbayjon qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida faoliyat yuritayotgan mazkur tashkilotda jami 59 nafar ishchi xodim mehnat qiladi. Raqamdan “Bu agentlikda kadrlar nega buncha kam?” — degan savol tug‘ilishi tabiiy. Ammo agentlikning barcha ish yo‘nalishi to‘liq raqamlashtirilgani bois kadrlar sonini ko‘paytirishga ehtiyoj yo‘q. Bu esa ham vaqt, ham qog‘oz sarfini kamaytirib, murojaatchining manfaati himoya qilinishiga omildir. Aslida bu yerda ham bir muncha vaqt avval vaziyat boshqacha bo‘lgan. Fermerdan ortiqcha hujjat talab qilish, uni vaqtini ketkazib sansalorlikka yo‘l qo‘yish. Tinish holat, shunday emasmi? Ammo raqamli transformatsiya bularning barchasiga yechim bo‘lgan. 2020-yildan e’tiboran boshlangan islohotlar o‘zining ijobiy samarasini bera olgan. Subsidiya shu vaqtdan e’tiboran yangicha usul va uslubda taqdim etilishi yo‘lga qo‘yilgan. Ayni damda elektron axborot tizimi ishga tushirilgan bo‘lib, har bir murojaatchi kredit resurslari va miqdori haqida platformadan barcha ma’lumotlarga ega bo‘ladi. Ular uydan chiqmay hujjat to‘ldirishi hamda subsidiyaga da’vogar bo‘lishi ham mumkin. 2023-yilgi reja asosida 5 ta yo‘nalish bo‘yicha subsidiya taqdim qilinishi belgilangan. Mazkur yangiliklardan voqif bo‘lish uchun esa “TOP AGRO” tizimiga murojaat qilinsa kifoya. Fermer subsidiyani mazkur elektron tizim orqali rasmiylashtiradi. Ayni shu yerdan barcha yo‘nalish va tarmoqlar bo‘yicha mablag‘ aylanmasini ishlatish uslubini biladi. Asosiysi – o‘g‘it va kimyoviy vositalar, mahsulot xaridi bo‘yicha ham kerakli yordam ushbu platformada bajariladi. Bu juda qulay. Ozarbayjon fermerlarining e’tirofi bu. Faqat shugina emas. Har yili platforma orqali 200 mln manat miqdorida qishloq xo‘jaligi texnikasi olish uchun kredit resurslari ajratiladi. Tanlov o‘zingizga bog‘liq.
Agentlik sizga ma’qul texnika xaridini moliyalashtirib beradi. Sababi, mazkur texnikaning hosildorlik va yoki amaliyotdagi qo‘llanilishiga faqat xaridni amalga oshirayotgan fermer mas’ul. Kezi kelganda aytib o‘tish joiz, mazkur agentlik o‘zbekistonlik hamkasblari bilan yaqin hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Navbatdagi delegatsiya tashrifi, ayni hamkorlikni amaliy bosqichda yanada mustahkamlash, muloqot markazidagi barcha masalalarni samarali yechish uchun sabab bo‘ldi. O‘zaro ishonch va amaliy natijalarga erishishni jadallashtirish ruhi – uchrashuv asosini belgilagan omillardan biri bo‘ldi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: