Aslida ozar elining mehnatkashligi qardosh O‘zbekiston xalqiga juda o‘xshash. Yerni yaxshi ko‘radi ular. Mehrni ham zamindan topgani bor gap. So‘nggi yillarda Ozarbayjonda agrar tarmoqda amalga oshirilgan islohotlar tufayli qishloq xo‘jaligi yuksalmoqda. Tobora Yevropa va Osiyo bozorlari zabt etilayotir.
Bu esa tadbirkorlik muhiti va ko‘nikmasi jadal rivoj topayotganidan darak. “Pasha” xoldingi tarkibiga kiruvchi “Agro Food Investment” va “Grand Agro Invitro” korxonalari misolida fikrimizni davom ettiramiz. 2020 yilda asos solingan tijorat loyihalari bugungi kunda mamlakat qishloq xo‘jaligi tarmog‘ida o‘ziga hos o‘ringa ega bo‘la olayapti.
“Grand Agro Invitro” korxonasi 10 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, 2000 kvadrat metrida zamonaviy laboratoriyalar, 3.6 gektarida esa so‘nggi texnologiyalar bilan jihozlangan issiqxonalar barpo etilgan. Mazkur korxona qishloq xo‘jaligi uchun yiliga 4 mln dona payvantak yetishtirib bermoqda. Bundan tashqari 2 mln dona ko‘chat tayyorlab bermoqda. Faqat shu emas. O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi soha vakillaridan iborat delegasiya mazkur korxona ayni o‘zi yetishtirgan payvantak va ko‘chatlarni dastavval o‘zida sinab ko‘rishiga guvoh bo‘ldi. Masalan, “Grand Agro Invitro” korxonasini o‘rab turgan hudud va unga tutash manzilda, ja’mi 2.5 ming gektar maydonda zaytun bog‘lari barpo etilgan. Zaytun plantasiyasining e’tiborga molik jihati ayni ko‘chatlar mahalliy iqlim sharoitiga to‘la moslashgan hamda hosildorligi yuqori sanaladi. Ko‘chatlarning bari o‘zining mahsuloti sanaladi. Sinalgan, boshqalar ham daladan ko‘rib, laboratoriyadan haridga shartnoma imzolashlari mumkin. Faqat shugina emas. O‘zbekiston delegasiyasining diqqati yangi nav hamda ko‘chatlarga qaraldi.
Masalan, Surxon vohasi taraflarda anorning donsiz navi borligi haqida bozorlarda ma’lumotlar yuradi. Sotuvchilar ham borligini ta’kidlashadi. Ammo bu navni ko‘z ko‘rib, og‘iz ta’m tortmagan, ko‘pchilikning. Biz ayni Kaliforniya (AQSh)da seleksiya natijasida yetishtirilgan Vanderful (Agricola Cuyuma S.A «Wonderful») navini ko‘rishga muyassar bo‘ldik. Bu nav danagi nihoyatda yumshoqligi bilan yo‘qday his paydo qiladi. Genetik olimlarning fikriga ko‘ra umuman urug‘siz meva bo‘lmaydi. Otalik mavjud bo‘lmasa, uning keyingi taqdiri xavf ostida bo‘ladi. Shuning uchun anorning danaksiz emas, danagi yumshoq va o‘ta kichkina navi deb ishlatilishi maqsadga muvofiq. Vanderful bugungi kunda har tomonlama o‘zini oqlagan nav hisoblanadi. Delegasiya a’zolari yana bir yangilikni ko‘zdan kechirdilar. Bu Diospiros oilasiga taalluqli “Olmos siymo” nav (Roja brilliant) xurmosi. Dunyo bozorida juda talab katta hisoblanadi unga. Ozar olimlari mazkur navni ham payvantak orqali ko‘chat holiga keltirib, undan hosil olishga muvaffaq bo‘lganlar. Mahsulot nihoyatda ko‘rimliligi hamda narxi yuqoriligi bilan boshqalaridan ajralib turadi. Ozarbayjonda mazkur navni seleksiya qilingani ham bor. Buni “Shish burun” deb atashadi. Bu mahalliy nav bilan chatishgan duragay. MDH bozorlarida ham uni uchratish mumkin. Ayni kuz boshidan boshlab, iste’mol bozorlari shish burunlar bilan to‘ldiriladi. Mana shu nav sotib bo‘lingach, boshqa xurmolar savdosi yurisha boshlaydi.
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi delegasiyasi shu kuni yana bir manzilga tashrif buyurdi. “Agro Food Investment” korxonasi. Bir xoldingga qarashli tijoriy loyiha davomi. Kiraverishda “Azbadam” peshtahtasi ilingan. Menimcha tarjimaga xojat yo‘q. Korxonaning 600 gektar maydonni egallagan bodomzori bor. Mazkur bog‘lar yaxshi hosil natijasida 6 ming tonna meva berar ekan. 2020 yilda asos solingan korxonada asosan bodom mevasi qayta ishlanadi, saralanadi va qadoqlanadi. 4 ta nav ushbu zavodni qabul qilish dastgohlariga moslangan. Soatiga 1 tonna mahsulot mavsumda tinim bilmay qayta ishlashga yuz tutadi. Avtomatlashtirilgan jarayon o‘z o‘rnida korxonada ish uslubini maqbullashtirish va ishlab chiqarishdan orttirilgan mablag‘ni ilmiy izlanishga yo‘naltirish imkonini bermoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur korxona 2022 yil yakunlariga ko‘ra O‘zbekistonga 80 tonna tozalangan va saralangan bodom eksportini amalga oshirgan. Turdosh ishlab chiqarish majmualaridan farqli jihati – bu yerda o‘zining 500 tonna yuk saqlashga ixtisoslashgan maxsus omborxonaning borligi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: