Joriy yilning 26-27-aprel kunlari Toshkent shahrida Markaziy Osiyo kosmik texnologiyalar konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Oʻzbekistonda ikkinchi bor tashkil etilayotgan mazkur tadbir sohada yetakchi boʻlgan 10 dan ortiq davlatdan 250 dan ortiq kosmik korporatsiyalar, agentlik va qoʻmitalar vakillarining uchrashuv joyiga aylandi.
Raqamli texnologiyalar huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi – “Oʻzbekkosmos” tashkil etgan mazkur konferensiyada respublika iqtisodiyotining koʻplab sohalaridan rahbar va mutaxassislar, jumladan Qishloq xoʻjaligi vazirligi rahbariyati va mutaxassislari ham ishtirok etmoqda.
Hozirgi kunda yerni masofadan zamonaviy zondlash va geoaxborot texnologiyalarisiz qishloq xoʻjaligi sohasini tasavvur qilish qiyin. Shu bois Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan sohani jadal raqamlashtirish, jumladan geoaxborot texnologiyalaridan foydalanishni kengaytirish yoʻnalishida qator tadbirlar olib borilmoqda.
Vazirlik mutaxassislari tomonidan konferensiya doirasida kun tartibiga kiritilgan masalalarni koʻrib chiqish bilan bir qatorda, alohida vazirlik va kompaniyalar bilan qishloq xoʻjaligi yerlarini kosmik monitoring qilish va GAT dasturiy mahsulotlaridan foydalanish boʻyicha tajriba almashish, yangi yechim va imkoniyatlarni muhokama qilish maqsadida qator uchrashuvlar ham tashkil etildi.
Xususan, Qishloq xoʻjaligi vazirligi mutaxassislari tomonidan Qozogʻiston Respublikasi Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoati vazirligi, Ozarbayjon Respublikasi “Azerkosmos” AJ va Fransiyaning Airbus Defence and Space kompaniyasi kabi konferensiyada ishtirok etayotgan qator xorijiy davlatlarning vazirlik va kompaniyalari vakillari bilan o‘zaro manfaatli uchrashuvlar oʻtkazildi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: