O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Italiyaga tashrifi arafasida Italiya-O’zbekiston biznes forumi bo’lib o’tdi. Biznes forumda Italiyaning yirik kompaniya vakillari ishtirok etishdi. Shu bilan bir qatorda biznes-forumda qishloq xo’jaligi hamda oziq-ovqat sohasidagi 30 dan ortiq kompaniyalar ham ishtirok etib, O’zbekiston va Italiya ishbilarmonlari o’rtasida qishloq xo’jaligi va oziq-ovqat sohasidagi hamkorlik loyihalari ko’rib chiqildi. Xususan, Italiyaning Boloniya shahrida joylashgan “Cermac” kompaniyasi direktori Enrico Turoni ham ushbu biznes-forumda o’z g’oya va takliflari bilan qatnashmoqda.
Ushbu kompaniya Italiyada qishloq xo’jaligi, chorvachilik sohasi va agrosanoat uchun texnologiyalar, uskuna va asboblar ishlab chiqaradi.
Hozirgi vaqtda “Cermac” kompaniyasining mahsulot assortimenti juda keng bo’lib, qishloq xo’jaligi texnikasi (ekishdan tortib, meva hosiligacha), qishloq xo’jaligi mashinalari uchun uskunalar va ehtiyot qismlar, sug’orish tizimlari (bog’dorchilik, issiqxonalar), o’lchash asboblari, nazorat va himoya vositalari, chorvachilik uskunalari, ekinlarni qayta ishlash texnologiyalari (meva tanlash mashinalari, sovutish va qadoqlash uskunalari) va boshqalarni o’z ichiga oladi.
Kompaniyaning aksariyat loyihalari Yevropa mintaqaviy rivojlanish jamg’armasi tomonidan moliyalashtirilgan.
Kompaniya direktori Enrico Turonining aytishi bo’yicha kompaniya “Ferrari” ning turli qismlarini, qishloq xo‘jaligi texnikasining dvigateli kabi maʼlum bir qismlarini ishlab chiqaradi. Bu texnikalar dehqonchilikda juda asqotadi.
Shuningdek, uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston hozirgi paytda juda tez rivojlanmoqda. Ushbu biznes forum yordamida nafaqat xususiy, balki barcha sektorga yanada kuchli taʼsir qilish mumkin.
Enrico Turoni: “Mamlakatingiz tez surʼatda rivojlanmoqda va bu yerga tashrif buyurgan har bir kompaniya O‘zbekistonda hamkorlik qilish mumkinligini tushunishi muhim. Shuni ham taʼkidlash kerakki, O‘zbekiston dunyoda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda yetakchi va muhim mamlakat hisoblanadi. Masalan, o‘rik yetishtirish bo‘yicha O‘zbekiston ikkinchi, olcha yetishtirish bo‘yicha dunyoda 3-4-o‘rinda turadi. Bu uning qishloq xo‘jaligi juda rivojlanganini va biz uchun kuchli hamkor mavjudligini ko‘rsatadi. O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasi haqida gapiradigan bo‘lsak, ayni paytda bu sohadagi ishlab chiqarish ham rivojlanmoqda. Eng yaxshi deya taʼriflanadigan Yevropaning sifat talabiga sizning mahsulotlaringiz ham tenglashmoqda. Shu bilan birga texnologiya qishloq xo‘jaligining muhim rivojidir va Italiya ham qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqarish bo‘yicha jahon yetakchisi hisoblanadi. Bu hamkorliklar mamlakatlarimiz va xususiy tarmoqlarimiz o‘rtasida juda ahamiyatli va salohiyatga ega deb o‘ylayman. Bunday shaklda hamkorlik o‘rnatish hamma uchun juda muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, bunday tadbirlarda boshqa hamkorlar va kompaniyalar bilan munosabatlar o‘rnatish, o‘zaro fikr va tajriba almashish ham imkoniyatiga ega bo‘linadi. Men bunday tadbirlar Italiyada bir marta va O‘zbekistonda ikki marta bo‘lishini taklif qilgan bo‘lardim.”
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: