O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Italiyaga rasmiy tashrifi arafasida o‘tkazilgan O‘zbekiston-Italiya biznes-forumi doirasida ikki mamlakat qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari o‘rtasida samarali uchrashuvlar o‘tkazildi.
E’tiborlisi shundaki, tadbirda O‘zbekiston bilan ko‘p yillardan beri hamkorlik qilib kelayotgan italyan biznesmenlari ham qatnashmoqda. Bir tomondan, ular mamlakatimiz tadbirkorlari bilan aloqalarini yanada mustahkamlash niyatida bo‘lsalar, boshqa tomondan O‘zbekistonning ishonchli hamkor ekanini, mamlakatda xorijiy investorlar, tadbirkorlik subyektlari uchun yaratilgan imkoniyatlar, berilayotgan imtiyozlar haqida so‘zlab, hamkorlik bo‘sag‘asida turgan Italiya biznesmenlariga turtki ham bo‘lmoqdalar.
Mana shunday kompaniyalardan biri Italiyaning agrosanoat uchun texnologik jihozlar ishlab chiqaruvchi “SINT Technologie” kompaniyasidir. Mazkur kompaniya O‘zbekiston bozorida bir necha yillardan buyon faoliyat yuritadi, jumladan o‘zbekistonlik hamkorlar bilan birgalikda Toshkent viloyatida tovuq go‘shti ishlab chiqarish bo‘yicha kompleks tashkil etgan.
Kompaniya O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini zamonaviy agrotexnika va texnologiya bilan ta’minlash borasida yaqin hamkorlik qilib kelmoqda. Jumladan, may oyida Milanda o‘tkazilgan “TUTTO FOOD” Xalqaro oziq-ovqat ko‘rgazmasi doirasida “Sint Tecnologie” O‘zbekiston tadbirkorlari uchun meva-sabzavot, go‘sht-sut mahsulotlarini qayta ishlovchi texnologiyalarni yetkazib berish bo‘yicha memorandum imzolagan edi.
Rimda o‘tkazilgan biznes-forumda qatnashgan “Sint Tecnologie” kompaniyasi bosh direktori Tarchizio Sensaakua bu boradagi hamkorlik istiqbollarini yuqori baholab, yangi loyihalar bo‘yicha takliflar berdi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston agrooziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash sohasida modul ko‘chma liniyalar yaratish bo‘yicha Italiya texnologiyalari keltiriladi. Buning uchun Italiyaning “Exetra” eksport va savdo kompaniyasining moliyaviy ko‘magidan foydalanish rejalashtirilgan. O‘zbekiston tomonidan O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi sohasida xizmatlar ko‘rsatish agentligi loyihaga kerakli ko‘maklarni ko‘rsatadi.
“SINT Technologie” bilan texnologik jihozlash borasidagi hamkorlikning afzalligi shundaki, kompaniya texnologiyalarni yetkazib berish bilangina kifoyalanmay, kadrlarni o‘qitish va zamonaviy texnologiyalar bilan ishlash ko‘nikmasini oshirishga ham alohida e’tibor beradi. Bu esa, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida joriy etilayotgan zamonaviy texnologiyalarning samaradorligini yanada oshiradi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: