Surxondaryo viloyati Denov tumaning Hazorbog‘ agro-texnologiya texnikum kollejiga qarashli dala maydonida takroriy ekin ekish bo‘yicha amaliy o‘quv-seminar o‘tkazildi. Tadbirda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov, viloyat qishloq xo‘jaligi sohasi mas’ullari, tumanlar sektorlari rahbarlari, fermer va klaster vakillari ishtirok etdi.
Seminarda keyingi yillarda hukumatimiz tomonidan agrar sohaga keng e’tibor qaratilayotgani, sohaga klaster tizimini joriy etish natijasida qishloq xo‘jaligining ko‘pgina tarmoqlari rivojlanish sari odimlayotgani ta’kidlab o‘tildi. Qayd etilganidek, o‘z vaqtida amalga oshirilgan agrotexnik tadbirlar g‘allachilikda yuqori hosildorlikga erishish uchun zamin yaratmoqda.
Ta’kidlash joizki, Surxondaryo viloyati Denov tumanida ham g‘allachilik sohasida klaster faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu borada o‘ziga xos maktab yaratilgan. Tumandagi “Muhabbat Alovuddin Attor” klasteri faoliyatiga e’tibor qaratamiz. Ushbu klaster bilan tumandagi 365 ta fermer xo‘jaliklari o‘rtasida don yetishtirib berish yuzasidan shartnomalar tuzilgan. Mazkur fermer xo‘jaliklari hisobidagi 9 ming 77 gektar yer maydonida g‘alla yetishtirildi. Klaster tomonidan moddiy-texnika resurslarining uzluksiz ta’minoti natijasida bugungi kunda dalalarda g‘alladan mo‘l hosil yetishtirilgan bo‘lib, hozirda nes-nobud qilmasdan o‘rib-yig‘ib olish ishlari tashkil etilgan.
O‘quv-seminar davomida ekinlarni parvarishlash borasida o‘simliklarning ozuqasi ko‘rgazmali namoyish etildi.
Shuningdek, takroriy ekin uchun 22 nafar ishsiz fuqaroga yer ajratildi. Viloyat hokimi mutasaddilar, fermer xo‘jaligi ishchilari, nuroniylar va fuqarolar bilan uchrashdi. Tadbirda kam ta’minlangan oilalar, ishsiz fuqarolarga g‘alladan bo‘shagan maydonlarda takroriy ekin ekib, daromad olish uchun 20 sotixdan yer ajratib berildi.
Tadbir davomida viloyat hokimligi tomonidan fermer xo‘jaligining faol ishchilariga esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, fermer xo‘jaliklari hisobidan kam ta’minlangan oilalarga 200 kilogramdan bug‘doy tarqatildi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: