Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetida o‘tkazilgan “Hayot fanlari festivali” doirasida qishloq xo‘jaligi sohasini yorituvchi jurnalistlar uchun seminar tashkil etildi.
Ommaviy axborot vositalari va Qishloq xo‘jaligi vazirligi qoshidagi Media-markaz vakillari ishtirok etgan tadbirda Toshkent Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti prorektori Slavomir Vroblevski qishloq xo‘jaligi jurnalistikasida jahon tajribasi haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Xususan, davlat idoralari, agrobiznes, ilmiy-o‘quv muassasalari va aholi o‘rtasida ishonchli munosabatlar o‘rnatilishida medianing o‘rnini yuqori baholadi.
“O‘zbekistonda “transactional cost” – “tranzaksiya narxi” juda qimmatligi rivojlanishni sekinlashtiradi. Ya’ni, bir bitimga kelishish vaqti juda uzoq. Bunga esa, tomonlar o‘rtasida o‘zaro ishonchning kamligi sabab. Jurnalistikaning vazifalaridan biri – hukumat idoralari, biznes vakillari, akademik doiralar va iste’molchilar bilan birgalikda ishlab, ularni bir-biriga yaqinlashtirish, tanitish va jamiyatda ishonch muhitini shakllantirishdir”,– dedi doktor Slavomir Vroblevski.
Olimning fikr-mulohazalari jurnalistlar o‘rtasida qizg‘in bahs-munozaralarni uyg‘otdi. Yig‘ilganlar mavzu bo‘yicha fikrlar bildirib, batafsil muhokama qildilar.
Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti Marketing bo‘limi boshlig‘i Shahzod Haydarov o‘tkazgan taqdimot mavzusi ham dolzarbligi bilan ajralib turdi: ijtimoiy tarmoqlar, yoshlar va qishloq xo‘jaligida karyera. Taqdimot doirasida bugungi yoshlar hayotida ijtimoiy tarmoqlarning o‘rni, ular orqali yoshlarda qishloq xo‘jaligida ishlashga qiziqish uyg‘otish, qishloq xo‘jaligi xodimining obro‘sini yuksaltirish masalalari atroflicha o‘rganildi.
Shuningdek, tadbirda Qishloq xo‘jaligi vazirligi aholi va mutaxassislarning qishloq xo‘jaligi sohasidagi tendensiyalardan xabardorligini oshirish va sohani ommalashtirish maqsadlarida, agrar sohaga oid eng yaxshi ijodiy ishlar uchun tanlov e’lon qilganligi ta’kidlab o‘tildi.
Seminar ishtirokchilari tadbirdan yangi g‘oyalar, taklif va mulohazalarga boyigan holda chiqdilar. Zotan, seminardan ko‘zlangan maqsad ham shu – jurnalistlar uchun sohani yoritishda yangi g‘oyalar, o‘zgacha yondashuv va kuchli ilhom berish edi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: