Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligiga katta e’tibor natijasida chorvachilik xo‘jaliklari soni ham yildan-yilga ortib bormoqda. Jumladan, Qashqadaryo viloyatidagi “UZ ENGINEERING CONSTRUCTION NDH” MCHJ ham 2022-yildan buyon chorvachilik bilan shug‘ullanib kelmoqda.
Cho‘l hududi hisoblanadigan Nishon tumanining Otquduq qishlog‘ida joylashgan ushbu chorvachilik kompleksi Gollandiyadan 493 bosh, sut yo‘nalishidagi zotlar ichida eng ko‘p tarqalgan Golshtin-friz zotli qoramollar olib kelitirib parvarish qilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, qoramollardan hozirgi kunda buzoqlar olib parvarishlash yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.
Majmua asosan sut ishlab chiqarish yo‘nalishiga ixtisoslashgan. Chorva fermasi Germaniyaning “GEA” firmasi sut sog‘ish apparatlari bilan jihozlangan bo‘lib, sog‘ish zalida bir vaqtning o‘zida 20 bosh sigir sog‘iladi. Hozirgi kunda fermer xo‘jaligida 460 bosh sog‘in sigir mavjud bo‘lib, har bir sog‘in sigirdan 27-30 litrgacha sut olinmoqda. Bu esa kuniga 10-12 tonnagacha sut olinishini ta’minlaydi.
Hozirda sog‘ib olingan sut Shahrisabz shahridagi “Lazzat pishloq” sutni qayta ishlash korxonasiga shartnoma asosida sotilmoqda.
Kelgusida majmuada yetishtirilayotgan sutni shu yerning o‘zida qayta ishlab, qatiq, brinza, qaymoq va boshqa sut mahsulotlarini ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.
Ta’kidlash joizki, qoramolchilik majmuasida ishchilarga 3 mahal bepul issiq ovqat, sut, qatiq beriladi. Korxonada 2 smenada ish olib boriladi.
Majmua to‘liq kompyuter texnologiyasi bilan jihozlangan bo‘lib, bunda sigirlar salomatligi, urug‘lantirish vaqti, ozuqa iste’moli kam-ko‘pligi inson aralashuvisiz nazorat qilib boriladi.
Majmuada parvarishlanayotgan chorva mollari to‘liq ozuqa ratsioni asosida oziqlantiriladi.
Nishon tuman hokimining qarori bilan ajratilgan 200 gektar suvli maydonlarda 70 gektar ertapishar makkajo‘xori, 70 gektar beda va 60 gektar donli ekinlar ekilgan bo‘lib, shu yil va kelgusi yillarga yetadigan ozuqa bazasi yaratilmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: