Avval xabar berganimizdek, Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov Navoiy viloyatida ishchi tashrif bilan bo‘lib turibdi. Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad — g‘alla hosilini nes-nobud qilmasdan yig‘ib olish, joylarda amalga oshirilayotgan islohotlarning ijrosini ta’minlashga kirishish va bugungi topshiriqlarning mohiyati va mazmunini eng quyi bo‘g‘ingacha yetkazish.
Bunda Qishloq xo‘jaligi vaziri aynan fermerlar, dehqonlar, yerga baraka urug‘ini qadagan mirishkorlar bilan shaxsan uchrashib, ulardagi muammolar va eng asosiysi ularning yechimi bo‘yicha konstruktiv muloqotni amalga oshirmoqda.
Ana shunday uchrashuvlardan biri Navoiy viloyati Xatirchi tumanida joylashgan Oq oltin massividagi o‘zlashtirilgan yerlarda mehnat qilayotganlar bilan bo‘lib o‘tdi. Bu yerda bir necha yil avval qarovsiz yotgan adirliklar bugungi kunda ko‘zni quvontiradigan yashil maydonga aylangan. 222 gektar maydonda uzum bog‘i barpo etilgan. Uzumdan tashqari tarvuz, handalak, qovun kabi poliz ekinlari ham ekilgan. Shuningdek 15 gektar yerga olma va shaftoli ko‘chatlari ekilgan bo‘lib, ular aynan ilk hosillarini berishga ulgurdi. Mazkur hududda 300 dan ziyod ishchi mavsumiy mehnat bilan band bo‘lsa, 40 dan ortiq oila vodiy viloyatlaridan kelib mehnat qilishmoqda. Ahamiyatlisi bu yerlarda suv bo‘lmagani bois, dehqonlarimiz aynan suvni yerni qaridan tortib chiqarib — tomchilatib sug‘orish texnologiyasi yo‘lga qo‘yishdi.
Bugun yurtimizda aynan g‘alla va paxta hosilini har tomonlama yetishtirish va parvarishlash bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilayotgani bor gap. Aziz Voitov Xatirchi tumanining dalalarida bo‘lib, bugun g‘alla o‘rimi, uni nes-nobud qilmasdan yig‘ishtirib olish bo‘yicha qilinayotgan amaliy ishlar bilan yaqindan tanishdi. Bu borada mas’ullarning bajarayotgan ishlari va bugungi kunda xirmonni butlash uchun qilinayotgan amaliy choralar bo‘yicha ma’lumotlarga ega bo‘ldi. O‘z navbatida muammo va kamchiliklarning yechimi bo‘yicha muloqot davom ettirildi. G‘alladan bo‘shagan yerlarni peshma-pesh haydab ikkilamchi hosil yetishtirish uchun baraka urug‘larini qadash nuqtai nazaridan ham muloqot bo‘lib o‘tdi.
Bilamizki, Navoiy viloyatining Xatirchi tumani azaldan don va dukkakli o‘simliklarni ekishga ixtisoslashtirilgan. Demakki, g‘alladan bo‘shagan yerlarda aynan mosh ekiladi. Mosh Xitoy Xalq Respublikasiga eksportga chiqariladi. Bundan tashqari kungaboqar, shirinmakka kabi, aynan dukkakli o‘simliklar ham bu yerlarda ekilishi rejada bor. Bu, albatta, yurt iqtisodiyotiga, dehqon boyligiga o‘zining amaliy ifodasini ko‘rsata oladi. Paxtaning esa gullagan shonalarini ko‘rishingiz mumkin. Paxtani sug‘orish, meliorativ holati va uning unumdorligini oshirish bo‘yicha ishlar ko‘zdan kechirildi.
Paxtakorlar oldida turgan dolzarb vazifalar muhokamaga qo‘yildi. Eng asosiysi bugun paxtakor manfaatdor bo‘lishi nuqtai nazaridan qilinadigan barcha ishlar bo‘yicha samimiy suhbat bo‘lib o‘tdi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: