Bugun, 3-avgust kuni Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov Armaniston Respublikasi Iqtisodiyot vaziri Vagan Kerobyan boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Armaniston o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning ko‘plab nuqtalariga ega agrosanoat majmuasi tarmog‘i va qishloq xo‘jaligida foydalanilmagan imkoniyatlarni ishga solish masalalari muhokama qilindi.
Aziz Voitov oxirgi yillarda O‘zbekistonda bozor mexanizmlarini joriy etishda zamonaviy boshqaruv tizimlarini rivojlantirish va qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sohasida eksport salohiyatini oshirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilayotganini ta‘kidlab o‘tdi. Ushbu islohotlarni amalga oshirishda esa O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyasi asosiy hujjat ekanligi ham e‘tirof etildi.
Bugungi kunda mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha yetakchi davlatga aylanayotgani, ammo hozirgi vaqtda respublikalarimiz o‘rtasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining o‘zaro savdo ko‘rsatkichlari past darajada qolayotgani qayd etildi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi Armanistonga qandolat mahsulotlari yetkazib berishni ko‘paytirishga, sohada yetishtirilayotgan mahsulotlarning eksport ko‘rsatkichini oshirishga tayyorligi bildirildi.
Shuningdek, uchrashuvda so‘nggi yillarda O‘zbekistonda iqtisodiyotning asosiy tarmog‘i sifatida qishloq xo‘jaligini moliyalashtirish va subsidiyalashga alohida eʼtibor qaratilayotganiga urg‘u berildi. Xususan, bugungi kunda hukumat Agro-oziq-ovqat sohasi bo‘yicha 40 dan ortiq turdagi subsidiyalar ajratmoqda.
Ushbu subsidiyalarning 26 tasi Agrosubsidiya elektron tizimi orqali ajratiladi, bu esa mablag‘larning shaffof ajratilishini ta‘minlaydi. Aziz Voitov bu borada Qishloq xo‘jaligi vazirligi tegishli qonunchilikni ishlab chiqish, subsidiyalarning zarur turlarini aniqlash va butun jarayonni raqamlashtirish bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashishga tayyorligini bildirdi. Agro-yangiliklarni muntazam muhokama qilish uchun barqaror maydonchani shakllantirish maqsadida O‘zbekiston-Armaniston ishchi guruhini tashkil etish taklifi o‘rtaga tashlandi.
O‘z navbatida Armaniston Respublikasi Iqtisodiyot vaziri Vagan Kerobyan esa, bu sohalarda hamkorlikni jadal yo‘naltirish orqali ulkan natijalarga erishish mumkinligini taʼkidladi. Shuningdek, uchrashuvda uzumchilik va vinochilik, alkogolli mahsulotlar bilan sinxron ishlash orqali daromadni oshirishga eʼtibor qaratildi. Vinochilik uzumchilik bo‘yicha Armanistonga biznes-tur tashkil etish bo‘yicha ham fikr-mulohazalar bildirildi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bilan hamkorlikda joriy yilning 7-8-sentyabr kunlari Samarqand shahrida o‘tkaziladigan xalqaro konferensiyaga Armaniston tarafi ham taklif etildi.
Uchrashuvdan so‘ng Qishloq xo‘jaligi vazirligida Armaniston Respublikasi delegatsiyasi uchun respublikamizda qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish yo‘nalishida olib borilayotgan amaldagi ishlar va rejalashtirilgan loyihalarning taqdimoti ham o‘tkazildi.
Taqdimotni Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Qahramon Yuldashev o‘tkazar ekan, mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini raqamlashtirishning tarixi va hozirgi kunda olib borilayotgan loyihalar hamda erishilgan natijalar to‘g‘risida maʼlumot berdi.
Taqdimot jarayonida mehmonlarga “Qishloq xo‘jaligi geoportali”, “CropAgro”, “E-IJARA”, “Agrosubsidiya” axborot tizimlari bilan batafsil tanishtirib o‘tildi va onlayn namoyish qilindi.
Muloqot jarayonida Armanistonda qishloq xo‘jaligi yerlariga xususiy mulk sifatida egalik qilinishi, ekinlarni joylashtirish jarayonlari mustaqil amalga oshirilishi, shu bilan birga qishloq xo‘jaligi yerlari va ekin maydonlari bo‘yicha yagona maʼlumotlar bazasi shakllanmaganligi ham qayd etildi.
Taqdimot yakunida mehmonlar O‘zbekistonda agrar sohada salmoqli ishlar amalga oshirilganini taʼkidlagan holda, Armaniston tajribasi bilan o‘rtoqlashishga, sohada o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: