Joriy yilning 12-13-avgust kunlari qadimiy va navqiron Xiva shahrida har yili anʼanaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Qovun sayli” xalqaro festivali bo‘lib o‘tdi.
Ifori atrofni tutgan qovun saylida shodu hurramlik ila shodiyonaga fayz qo‘shayotgan yoshu qarining qalbida, tilida bir fikr sado berdi: istiqlol bergan neʼmat – mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!
Bir tarafda “Gurvak”ning betakror taʼmidan bahramand bo‘layotgan xorijlik sayyohlar, bir tomonda esa “Kelib qoling, ushbu qovunni yemabsiz, bu dunyoga kelmabsiz” deya mehmonlarni chorlayotgan dehqonlarning ajib gurungi qizg‘in.
Ha, Xiva shunday bayramga, festivallarga oshufta dillarning makoni. Nihoyat, “Ochiq osmon ostidagi muzey”da yana bir bayram – “Qovun sayli” xalqaro festivalining yakuniy qismi, taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Bu galgi festivalda avvalgilardan farqli o‘laroq, butun maydonni turli navdagi qovunlarning shirin ifori tutib ketdi.
Taqdirlash marosimida Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov va Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov so‘zga chiqib, anʼanaviy festivalda ishtirok etuvchilar va mehmonlar soni yildan-yilga oshib borayotgani, ayniqsa, xorijlik sayyohlarning eʼtibori va eʼtirofiga sazovor bo‘layotganini taʼkidladilar. Yakunda so‘zga chiqqanlar ishtirokchilarni qizg‘in tabrikladi va g‘oliblarga esdalik sovg‘alarni topshirdi.
Hakamlar hayʼatining xulosasiga ko‘ra, Gran-pri sohibi — “Gentra” avtomobili — xivalik dehqon-fermerga topshirilgan bo‘lsa, 1- o‘rinni Qo‘shko‘pir tumani, 2-o‘rinni Toshkent viloyati va 3-o‘rinni Yangibozor tumani dehqonlari qo‘lga kiritishdi. Ular “Nexia-3”, “Spark”, “Damas” avtomobillari bilan taqdirlanishdi.
Shuningdek, 6 ta nominatsiya bo‘yicha fermer xo‘jaliklariga ham qimmatbaho mukofotlar hamda diplomlar taqdim etildi.
Festival ishtirokchilari va mehmonlari sahnada o‘zbek estradasining yulduzlari hamda ozarbayjonlik sanʼatkorlarning betakror ijrolaridan bahramand bo‘lishdi.
Eslatib o‘tamiz, qovun sayli doirasida, respublikamizning barcha tuman va shaharlaridan kelgan ishtirokchilar o‘zlariga ajratilgan pavilyonlarni bayramona bezatib, o‘z hududlarida yetishtirilgan shirin-shakar qovunlarning ko‘rgazma savdosini tashkil etdi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: