Bugun Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Kim Xi Sang boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Samimiy kechgan uchrashuvda dastlab ikki davlatning agrar sohada olib borayotgan hamkorligi va buni yanada yuksaltirish bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi. Shundan so‘ng Kim Xi Sang janoblari ushbu hamkorlikdan mamnunligini ta’kidlagan holda, kelgusida mamlakatimizda Markaziy Osiyodagi qishloq xo‘jaligiga oid eng yirik majmuani barpo etish rejasiga to‘xtaldi hamda tashrif davomida ko‘riladigan ikki muhim masalaga eʼtibor qaratdi.
Xususan, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazida (AKIS) 2021-yildan buyon yuqori texnologiyali issiqxonalar va boshqa loyihalar amalga oshirilmoqda. Hozirda Koreya Respublikasi qishloq xo‘jaligi sohasi tashkilotlari rag‘bati bilan ushbu dargohda “Qishloq xo‘jaligi o‘quv markazi” tashkil etilgan. Muloqot davomida kelgusida ikki davlatning agrar sohasi rivoji uchun ushbu Milliy markaz asosiy majmua bo‘lib qolishi qayd etildi.
Shuningdek, Koreyaning moliyaviy ko‘magi hisobidan amalga oshirilayotgan grant loyihalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Hozirgi kunda O‘zbekistonda Koreya hukumati grant mablag‘lari hisobidan 22 mln dollarlik aqlli issiqxona xo‘jaligi, qulupnay yetishtirish va bog‘dorchilik o‘quv markazini tashkil etish bo‘yicha 3 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Suhbat chog‘ida ushbu loyihalarni yanada rivojlantirish lozimligi aytib o‘tildi.
Janob Kim Xi Sang eʼtibor qaratgan ikkinchi masala bu — Koreyaning O‘zbekiston qishloq xo‘jaligiga ajratayotgan moliyaviy mablag‘lari bilan bog‘liq bo‘ldi. EDCF (Korea Economic Development Co-operation Fund) nufuzli tashkilotini respublikamiz qishloq xo‘jaligiga jalb etish orqali kredit liniyalari yordamida yirik loyihalarni moliyalashtirish ko‘zda tutilayotgani taʼkidlandi. O‘zbekiston tarafi esa bunday imkoniyat berilayotganini mamnuniyat bilan qabul qilib, bugungi kunda agrar sohada katta loyihalar paketi shakllantirilayotgani haqida ma’lum qildi.
Bundan tashqari, ushbu loyihalar doirasida chorvachilikka ham eʼtibor qaratilishi ta’kidlab o‘tildi va Koreya Respublikasining xalqaro “KOPIA” tashkilotining O‘zbekistondagi markazi direktori doktor O Song Jong janoblari bilan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishib olindi.
Ikki tomonlama manfaatli uchrashuvda Qishloq xo‘jaligi vaziri ko‘rilgan ushbu ikki masalani yana batafsil ko‘rib chiqilishini va hamkorlik munosabatlarini yuqori cho‘qqiga chiqarish lozimligini aytib o‘tdi.
Koreya tomon esa, O‘zbekistonga nafaqat sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda, balki ularni xorijga eksport qilishda ham ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: