Xalqimiz “Gap bilganga – bir tillo, ish bilganga – ming tillo” deb bejizga aytmagan. Haqiqatan, ishning ko‘zini bilgan mirishkor bir xil yer, bir turdagi ekindan boshqa dehqonga qaraganda ko‘proq daromad olishning uddasidan chiqadi. Buning boisi nimada?
Toshkent viloyati Parkent tumanida qulupnaychilik yaxshi rivojlangan. Rivojlanganda ham, bu yerda qulupnayning remontant navlari – yil davomida hosil berib turadigan turlari ko‘p ekiladi.
To‘g‘risi, bizda qulupnay mavsumi deganda, may oyidagi pishiqchilik tushuniladi. Nahotki, bu rezavor meva yilda bir marotabagina hosil bersayu, shu bilan “umri” tugasa? Aslo. Xorijiy va mahalliy seleksioner olimlarning ilmiy izlanishlari bilan qulupnayning yil davomida peshma-pesh hosil berib turadigan navlari yaratilgan. Qolaversa, ular ta’mi va uzoqqa tashishga qobilligi bilan ham an’anaviy navlardan ajralib turadi.
Hilola Abdullaeva, Akademik M. Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti bo‘lim boshlig‘i, q.x.f.d.:
“Bardosh Eksklyuziv” MChJ dala maydonida turibmiz. Bu korxona 2017-yilda tashkil etilgan, ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda faoliyat yuritadi. Hamkorlik navlarni ilmiy o‘rganish va asoslab berish, agrotexnikasi va kelajakda seleksiyada qo‘llash – yangi navlar yaratish ishlarini qamrab oladi. Korxonada 5 gektar yer mavjud, ularda rezavor mevalar ekiladi. Bu yerda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy qilingan.
Biz turgan maydon dengiz sathidan 1500 metr balandlikda joylashgan. Tog‘li hududlarda bahor bir oy kech boshlanadi. Bu meva yetishtirish uchun foydali jihat, chunki sovuqlar butkul o‘tib bo‘lganidan keyin ekin rivojlana boshlaydi.
Hozir ko‘rib turganlarimiz – bu ochiq dalada yetishtirilayotgan qulupnay. Ular remontant navlar sanaladi, ya’ni besh-olti oy davomida peshma-pesh hosil berib turadi. Ta’mi jihatidan ham ancha ustun bo‘ladi. Chunki bular plyonka ostiga olinmagan, ultrabinashfa nurlari ostida to‘liq pishib yetiladi”.
Olimaning so‘zlariga ko‘ra, hosilga baraka, cho‘ntakka daromad keltirishning bosh omili – agrotexnika talablariga rioya etishdir. Qolaversa, navlarni to‘g‘ri tanlay bilish ham ish unumdorligini oshiradi.
Hilola Abdullayeva, Akademik M. Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti bo‘lim boshlig‘i, q.x.f.d.:
“Tomchilatib sug‘orishning afzal jihatlaridan biri – shlang orqali tushgan suv faqat ekin tupining o‘ziga kelib tushadi. Begona o‘tlar unmaydi.” Ekin parvarishda agrotexnik tadbirlar sifatli va o‘z vaqtida bajarilishi lozim. Keyingi yil hosili mo‘l bo‘lishi uchun ekin ekilishidan oldin shlanglar tashlanib, yer to‘g‘ri tayyorlanishi lozim, ko‘chatlar fungitsidlarga botirib olinadi. Shunda ular turli kasalliklar va zararkunandalardan himoyalanadi.
Toshkent viloyatida asosan – “O‘zbekiston” mahalliy navi ekiladi, lekin u faqat iste’mol uchun mo‘ljallangan bo‘lib, uzoq masofaga tashishga yaroqsiz. Bundan tashqari, Davlat nav reestriga kiritilgan “O‘zbekiston go‘zali”, introduksiya qilingan “Medoviy”, “Red gontlet”, “Kobra” kabi navlar mavjud. Ularga qiyosan yaratilgan navlar ham bor, bulardan biri “Dildor” navi. U ham besh-olti oy davomida hosil beradi. Uzoqqa tashishga qobilligi bilan afzal sanaladi.
Qulupnay yetishtirish – bu masalaning bir tomoni, xolos. Yetishtirilgan mahsulotni saralash va urintirmay mijozlarga yetkazishning ham o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor.
Bobirjon Haydarov, “Bardosh Eksklyuziv” MChJ ish boshqaruvchisi:
“Qulupnay mevasi hajm jihatidan mayda-yirikligiga qarab, besh toifaga saralanadi. Har bir toifaning o‘z xaridori bor – maydalari kompot va murabbo tayyorlash uchun qayta ishlansa, yirik mevalar aholi iste’moli uchun bozor peshtaxtalariga sotuvga chiqariladi.
Qulupnay xaridorgacha urinmay yetib borishi uchun terilayotganda aslo mevaning o‘zini emas, balki bandidan ushlab turib uziladi. Qo‘l tegib ketsa, mevaning o‘sha qismi ezilib, barmoq izi bilinib qoladi. Hosilni erta tongda, iloji boricha salqin paytda terib olish maqsadga muvofiq. Yana bir talab – terilgan zahoti salqin joyga olib kirish, past haroratda saralab, bozorga kechiktirmay, yetkazish lozim”.
Qulupnayning “noz”lariga chidab, avaylab parvarishlay olgan dehqonlar uning “rohat”ini ham ko‘radi. Bu rohat ham yuqori daromad ko‘rsatkichlarida, ham yil-o‘n ikki oy qulupnay iste’mol qilish imkoniga ega bo‘lgan aholining minnatdorchiligida namoyon bo‘ladi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: