Orol dengizining qurishi nafaqat o‘zbekistonliklar, balki butun dunyo hamjamiyatini tashvishga solayotgan muammodir. Bu muammoga qarshi kurashishning yo‘llaridan biri qurg‘oqchil va suv talab qilmaydigan ekinlar ekish sanaladi.
Qoraqalpog‘istonning Kegeyli tumanidagi kunjutzorni oralar ekansiz, qaqrab yotgan yerni ko‘kalamzorga aylantirib, daromad ham olishga muvaffaq bo‘layotgan qoraqalpoq mirishkorlariga tasanno aytasiz.
Bunda ilm, innovatsiya va asriy tajribalar uyg‘unligi samarali bo‘lmoqda. Chunonchi, Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi mutaxassislari bir necha yillardan buyon kam suv sarflab mo‘l hosil olish usullarini izlamoqda. Ilmiy-innovatsion yangiliklarni bevosita joylardagi tajriba maydonlarida sinovdan o‘tkazmoqdalar. O‘tkazilgan tajribalar natijasi esa quvonarli. Masalan, bir necha yillardan buyon kunjut ekishning yangi texnologiyasi asosida yerlar sug‘orilmasdan turib hosil olinmoqda.
Botirjon Habibullayev, O‘zbekiston Respublikasi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi direktori:
“Hosil hech qanday sug‘orishsiz yetishtiriladi. Bor-yo‘g‘i bir marta qishda sug‘oriladi. Bunga o‘zingiz ham guvoh bo‘lishingiz mumkin. Orasida begona o‘t ham o‘savermaydi. Ikki marta oziqlantiriladi. Orasiga tarvuz-qovun ekilgan, bu qo‘shimcha daromad keltiradi. Ko‘rib turgan dalangizda 3 gektar kunjut ekilgan, gektaridan 1,5 tonnagacha hosil olish imkoni bor”.
Aytish kerakki, kunjut eng ko‘p yog‘ beruvchi o‘simliklardan hisoblanadi. Urug‘ining tarkibida 55-68%ga qadar yog‘, 16-22% oqsil va 18% eruvchi uglevod hamda spirt bor. Kunjut yog‘i oziq-ovqat sanoati va kosmetologiyada keng qo‘llaniladi. Uning dehqon va fermerlar uchun foydasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, 1 gektar yer maydonidan 1 tonnagacha hosil olish imkoni bor. 1 kg kunjut o‘rtacha 35 ming so‘m bo‘lsa, 1 gektardan 35 mln so‘mgacha daromad ko‘rish mumkin.
Demakki, kunjutchilik yuzaga kelgan iqlimiy-tabiiy sharoitga moslashuvchan ekin turlarini ekishga o‘tish imkonini berib, mahalliy aholining daromadiga daromad qo‘shadi. Hozirda markaz tajribasini tumandagi fermer xo‘jaliklariga keng tatbiq etish masalalari o‘rganilmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: