Bugun Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov, Yaponiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Takashi Hatori, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (BMTTD)ning O‘zbekistondagi doimiy vakili o‘rinbosari Anas Fayyad Qarmanlarning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda Orol dengizi mintaqasida iqlim o‘zgarishi, oziq-ovqat xavfsizligi, iqtisodiy barqarorlik va ijtimoiy farovonlikka bog‘liq bo‘lgan muammolarni hal qilish uchun global e‘tibor tobora ortib borayotgani bois, Orol dengizi mintaqasida iqlimga chidamli qishloq xo‘jaligi orqali o‘z-o‘zini ta’minlashni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) yangi loyihasining rasmiy ishga tushirilishi oldidan fikr – mulohazalar almashildi.
Suhbat davomida ta’kidlanishicha, Yaponiya hukumati, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) va Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamkorligida amalga oshirilayotgan ushbu loyhada Orolbo‘yi mintaqasida iqlim o‘zgarishi natijasida yuzaga kelgan dolzarb muammolarini hal qilish, Qoraqalpog‘iston aholisi o‘rtasida moslashish va chidamlilikni oshirishga ko‘maklashishda hamkorlik aloqalarini mustahkamlash yo‘llari ko‘rib chiqildi.
Tadbirda qayd etilishicha, ushbu tashabbus Yaponiya hukumatining moliyaviy ko‘magi tufayli amalga oshiriladi. Qiymati 2 million dollarga teng mazkur dastur Qoraqalpog’istonda qishloq xo’jaligini rivojlantirish, mavjud muammolarni bartaraf etish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda bu orqali iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida joriy etilyapti.
Tadbirda mazkur loyihaning maqsad va vazifalari O‘zbekiston hukumatining Orol dengizi inqirozi oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha siyosati va strategiyalariga, jumladan, Prezidentning 2019-yil 23-oktyabrda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyasi» to‘g‘risidagi Farmonida belgilab berilgan vazifalarga hamohang ekanligi ta’kidlab o‘tildi.
Uchrashuv yakunida Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Yaponiya elchixonasi hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi o‘rtasida mazkur qo‘shma loyihani amalga oshirish yuzasidan tegishli hujjatlar imzolandi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: