Bugun oliy taʼlim tizimida ham izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Ularning ijrosida esa, nafaqat mamlakatimizdagi, balki xorijlik hamkorlarning tajribalaridan keng foydalanish bo‘yicha aniq tizim ishlab chiqilgan.
Toshkent davlat agrar universitetida Xitoy–O‘zbekiston ta’lim ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi va unda respublikamizning 20 dan ortiq oliy o‘quv yurti vakillari, talabalar ishtirok etishdi. Mazkur ta’lim ko‘rgazmasi doirasida ikki davlatning oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida shartnoma va memorandumlar imzolandi.
Xitoy delegatsiya tashrifi va o‘tkazilayotgan tadbirning asosiy maqsadi — O‘zbekiston Respublikasi Oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va mustahkamlashdan iborat. Tadbirda ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish asnosida o‘zaro tajribalar almashish, yosh mutaxasislarni malaka oshirish uchun oliygohlarga yuborish va sohada olib borilayotgan islohotlarni amaliyotga keng tatbiq qilish ko‘zda tutilgan.
Jumladan, Toshkent davlat agrar universiteti va Xitoy Xalq Respublikasining Shimoli-g‘arbiy qishloq xo‘jaligi va o‘rmonchilik universiteti (NWAFU) hamda O‘rmon xo‘jaligi universiteti bilan shartnoma imzolandi. Unga ko‘ra, Toshkent davlat agrar universitetining bitiruvchi talabalari Xitoydagi oliygohlarda o‘qishini davom ettirishi, ikki tomonlama diplom olishi, olim va o‘qituvchilar esa malaka oshirishi, ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi, loyihalarni bajarish imkoniyatlariga ega bo‘lishi hamda kelajakda qo‘shma dastur yo‘nalishlarini ochish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, Toshkent davlat agrar universiteti rahbariyati Xitoyning Shansi provinsiyasi va O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi sohasidagi oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida “Rektorlar forumi” ni tashkil qilish taklifini o‘rtaga tashladi va tomonlar bu haqida kelishib olishdi.
Shuni alohida aytish joizki, mamlakatimizdan ko‘pgina talabalar aynan Xitoy Xalq Respublikasining oliygohlarida, xususan nufuzli universitetlardan biri — NWAFUda tahsil olishadi. Ushbu o‘tkazilgan tadbir doirasida o‘sha oliygohda o‘qigan talabalarga diplomlar va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tadbir davomida Xitoy delegatsiyasi mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan bir qancha universitet, ilmiy-tadqiqot institutlari rahbarlari bilan ham kelishuv Memorandumlarini imzolashdi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: