Aholini yil davomida sabzavot va poliz mahsulotlari bilan ta’minlashda issiqxonalarning ahamiyati beqiyos. Xoh kuz, xoh qish fasli bo‘lsin, vitaminga boy, yangi uzilgan sabzavotlarni tanovul qilishga nima yetsin.
Issiqxona xo‘jaliklari faoliyatini jadal rivojlantirish va undan samarali foydalanishda yuzaga kelayotgan asosiy muammolardan biri esa, qish paytida issiqxonalarni isitish borasida yuzaga keladigan nomutanosibliklardir.
Lekin shunday issiqxonalar ham borki, nafaqat kuz mavsumi, balki qahraton qishda ham hech qanday isitish tizimlaridan foydalanilmaydi. Sababi, ular sharqdan-g‘arbga kun botish tomonga 14 gradus burilgan sharoitda quriladi va shimol tomon qalin isitish ko‘rpalari bilan yopiladi.
Ana shunday tajriba asosida faoliyat olib borayotgan issiqxonalardan biri Sirdaryo viloyati Sardoba tumanida joylashgan. Bu yerda “Imkon qadri” MChJ tomonidan har biri 2 sotixdan jami 4 ta issiqxona qurilgan bo‘lib, erta bahorda aholini ko‘katlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida hozirda bu yerga ko‘katlar ekilgan.
Umuman, viloyat bo‘yicha 38,3 gektar isitilmaydigan issiqxonalar mavjud bo‘lib, ularda yilning fevral-noyabr oyigacha sabzavot mahsulotlari yetishtiriladi.
Mazkur issiqxonalar kun davomida quyosh energiyasini akkumulator singari o‘z ichiga yig‘adi. Kun botishi bilan issiqxona atrofi maxsus issiqlik saqlovchi ko‘rpalar bilan yopiladi. Kunduzi to‘plangan issiq harorat esa, to tonggacha o‘z kuchini yo‘qotmaydi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: