Navoiy viloyati Navbahor tumani “Navkar” mahalla aholisi asosan, xizmat ko‘rsatish, chorvachilik va asalarichilik shug‘ullanib keladi. Mahallada 3 ming nafardan ortiq aholi istiqomat qilib kelmoqda.
Tadbirkor Farhod Ochilov esa, mazkur mahallada “serqirra tadbirkor” nomi bilan mashhur. To‘rt faslda ham tinim bilmaydigan tadbirkor kichik tomorqasida banan, mandarin va papaya kabi sitrus mevalarni yetishtirib kelmoqda.
Dastavval ikki sotixdan iborat tomorqasiga Xitoy, Hindiston davlatlaridan keltirilgan sitrus mevalarning ko‘chat, urug‘larini ekib, parvarishladi. Ayni paytda birgina bananning 4-5 xil navi hosil bermoqda. Banan ko‘chatlarini yerga qadagandan so‘ng 14-15 oydan keyin sekin-asta mevalari yetila boshlaydi. Bahor, yoz oylarida havo haroratining issiq ekanligini inobatga olib, hosil mo‘l va barakali bo‘ladi. Bitta banan daraxti 23-24 kilogramgacha, donaga hisoblasa 300-350 tagacha meva berishi mumkin. Mahsulotning xaridorligi hisobga olinsa, uning savdosidan kelayotgan daromad ham maqtagulik darajada.
Daraxtlarning tabiat va inson hayotida qanchalik muhim ahamiyatga ega ekanligini barchamiz yaxshi bilamiz. – Xususan, yashil olam hudud atmosferasini 2-8 darajaga salqinroq qiladi. Bitta daraxt tuproqda yiliga 15 ming litrgacha suvni saqlaydi. Shu sababdan kelgusida yer olib, daraxt ko‘chatlarini ko‘paytirish niyatidaman. Bugun tadbirkorlik faoliyatimga qiziquvchilar soni ortayotganidan xursandman. Xorazm, Surxondaryo, Samarqand, Buxoro viloyatlaridan banan yetishtirishga qiziqadigan tadbirkorlar kelib, uning sir-asrorlarini o‘rganib ketmoqda, – deydi Farhod Ochilov.
Xalqimizda “Mehnat, mehnatning tagi rohat”, degan ibratli naql bor. Darhaqiqat, halol rizq bilan peshona teri evaziga topilgan nonning shirinligi rost. Farhod Ochilov turmush o‘rtog‘i bilan 3 nafar farzandi kelajagi yo‘lida tinim bilmaydi. Xonadoniga kirishingiz bilan ko‘zingiz quvnab, kayfiyatingiz ko‘tariladi. Yo‘laklar uzra ekilgan turli xildagi rangli gullar, arab anoridan tortib, son-sanoqsiz uzumlar, papaya, mandarin, tuvaklarda yam-yashil bo‘lib rivoj topayotgan pakana banan xillari qalbingizga huzur bag‘ishlaydi.
Uning ta’kidlashicha, hozir yer olib, faoliyatini kengaytirish maqsadida issiqxona qurmoqda. Banan, papaya, mandarin ko‘chatlarini ko‘paytirish bilan bir qatorda baliqchilik, asalarichilik va parandachilik yo‘nalishlarida ham o‘zini sinab ko‘rmoqchi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: