Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov tashrifining navbatdagi manzili Sirdaryo tumani Malik hududida joylashgan “Aslon ibn Rahmon” fermer xo‘jaligi dalasida bo‘ldi.
Qariyb 76 gektar maydonni o‘z ichiga olgan hududda paxta va g‘alla mahsuloti yetishtirib kelinadi. Fermer yerning har bir qarichidan maqsadli foydalanayotganini dala chetlariga ekilgan tut, tok va mevali daraxtlardan ham ko‘rish mumkin.
Mazkur dala maydoni ikki konturda joylashgan bo‘lib, bir qismida g‘alla, yana bir qismi esa, paxta ekish mavsumi uchun hozirlab qo‘yilgan.
Vazir o‘z navbatida joriy yil hosili uchun ekiladigan sifatli urug‘likni tanlash, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish hamda hosildorlikni oshirish masalalari yuzasidan o‘z takliflarini o‘rtaga tashladi.
Albatta, sifatli paxta xomashyosini yetishtirish – mashaqqatli ish. Buni ayniqsa, yillar davomida dehqonchilik qilib kelayotgan fermerlar juda yaxshi biladi. Yerga chigit qadalgandan toki uning o‘sib chiqishidan tortib, yetilguniga qadar kunni-tunga, tunni-kunga ulab tinimsiz mehnat qilish talab etiladi. Ob-havoning injiqligi, tabiatning kutilmagan hodisalari esa bu mas’uliyatini yanada oshiradi.
Shubhasiz, dehqonlar tomonidan bu kabi chora-tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirilishi viloyat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.
Vazir tashrifning keyingi lokatsiyasi sifatida Toshkent Davlat Agrar Universiteti huzuridagi Sirdaryo agrotexnologiyalar texnikumi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Mazkur ta’lim dargohi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 iyuldagi “Agrar ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4795 sonli qarori asosida Toshkent Davlat Agrar Universiteti huzurida Sirdaryo agrotexnologiyalar texnikumi (Malek agrosanoat kasb-hunar kolleji negizida) qayta tashkil etilgan.
Jami 720 kishiga mo‘ljallangan mazkur texnikumda bugungi kunda 424 nafar o‘quvchilar tahsil olmoqda. Joriy yilda bu yerda etimologiya, giobotonika va suv tejash inshootlari yo‘nalishlari joriy etilishi kutilmoqda.
Vazir o‘z navbatida ta’lim berish tizimini tubdan isloh qilish, zamonaviy bilim uslubiyotiga moslashtirish, sohaga qiziquvchi va ilm-qilmoqchi bo‘lgan o‘quvchi yoshlarni har tomonlama qo‘llab quvvatlash masalasini qayd etdi.
Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliev o‘z navbatida qariyb 20-30 gektar maydonda texnikumda tahsil olayotgan yoshlarning amaliyot o‘tashi va bilim ko‘nikmalarini oshirish maqsadida o‘quv ishlab chiqarish ustaxonalari va zamonaviy laboratoriya xonalarini tashkil etish lozimligini qayd etdi.
Maqsad esa, yoshlarning qishloq xo‘jaligi sohasining bir qator imkoniyatlari bilan tanishtirish, ularning agro salohiyatini oshirish, muammolarga samarali yechim izlash va sohani keng rivojlantirish borasidagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashdir.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: