G‘allachilikda o‘z tajriba maktabiga ega vobkentlik mirishkorlar o‘tgan yilgi mavsumda 332 ta fermer xo‘jaligi ixtiyoridagi 6 ming 210 gektar maydonda bug‘doyning “Alekseyevich”, “Starshina”, “Vata” kabi serhosil navlarini ekib, parvarishlab, g‘alla xirmonini 16 ming tonnaga yetkazdilar. Elimiz rizq-ro‘z manbai—bug‘doy yetishtirishda tumanda har gektar hosildorligi 70 sentnerni tashkil etgan. Hatto, “Yangikent oltin zamini”, “Akmal”, “G‘affor Mirshod zamini”, “Ziyodulla Akobir”, “Haydar Dilorom zamini”, “Ilyos Istam Farmon”, “Mohitabon Mavluda” kabi fermer xo‘jaliklarida har gektar g‘alla maydoni hosildorligi 80 sentnergacha yetkazilgani boshqalariga ibratdir.
Shubhasiz, bug‘doy elimiz rizq-ro‘zi manbai, uni asrab-avaylash, kerakli agrotexnik tadbirlarga qat’iy rioya etgan holda parvarishlash barakali hosil olish garovidir. Sara bug‘doyni davlat tomonidan sotib olish va sotishda bozor narxlariga o‘tilib, g‘allachilik klasterlari va fermerlarga bug‘doyni bozor narxida to‘liq erkin sotish huquqi berilmoqda. Bu eng avvalo, fermer xo‘jaliklari, qolaversa, xo‘jalik a’zolarining manfaatdorligini, erishiladigan daromadni oshirish imkonini bermoqda. Ayni qishki mavsumda esa g‘alla maysalari parvarishida avvalo, har bir agrotexnik tadbirni sifatli olib borish, dalani yaxob suviga qondirish, har bir kontur boshida qazib tayyorlangan xandaqlarga mahalliy o‘g‘it jamg‘argan holda “sharbat”lab sug‘orish, begona o‘tlardan samarali tozalab, gerbitsidlardan unumli foydalanish talab etilmoqda.
Bugunga kelib tumanda g‘allachilik tarmog‘ida band bo‘lgan 337 ta fermer xo‘jaligining 7211 gektar maydonida sara don maysasi parvarishlanayotgan bo‘lib, shundan 7015 gektar maydon tuplanish fazasida rivojlanmoqda. Tumanda g‘allani birinchi oziqlantirish, mahalliy o‘g‘itni jamg‘arish ishlari jadal davom ettirilib, fevral oyining birinchi dekadasi holatiga ko‘ra, 22 ming 820 tona (rejada 33 ming tonna) mahalliy o‘g‘it g‘alla maydonlariga chiqarilgan. Endilikda g‘alla yetishtirilayotgan maydonlar “sharbat” usulida oziqlantirilib, har bir konturda ikkinchi oziqlantirish uchun zaxira yaratilmoqda. “Sharbat”lab sug‘orish g‘alla maydonida tuproqni yetishmayotgan ba’zi mikroelementlar bilan ta’minlash, qisman bo‘lsa-da azot, fosfor, kaliy kabi darmondoriga to‘yintirish imkonini bermoqda.
Ayniqsa, g‘alla maysasini bargidan oziqlantirish avvalo o‘simlikni fotosintez jarayonini jadallashtiradi, barg sathini qalinlashishi hisobiga kasallik va zararkunandalarga chidamliligini oshiradi. Shu bilan birga, suspenziyalash tadbirini vaqtida, ya’ni maysalar to‘liq naychalash bosqichiga kirganda o‘tkazish muhim ahamiyatga ega. Chunki, g‘allani bargidan oziqlantirish hosildorlikni 5 sentnerga oshiradi va don sifatini yaxshilaydi.
Shu nuqtayi nazardan, hozirda tumanda yalpi g‘allazor maydonda birinchi oziqlantirish ishlari jadal davom ettirilayotgan bo‘lib, mahalliy o‘g‘it jamg‘arish, sug‘orish, va “sharbat” usulida oziqlantirish ishlari “Boyqozon”, “Nurxon Boboxon”, “Otabek Og‘ajon” va boshqa ilg‘or fermer xo‘jaliklarida namunali tashkil qilinganini ko‘rish mumkin. Bu kabi agrotexnik tadbirlarni kechiktirmasdan, omilkorlik bilan o‘tkazishda Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “O‘zagroinspeksiya”ning tuman bo‘limi mas’ul xodimlari kundalik nazorat va o‘rganishlarini olib bormoqdalar.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: