Xabar berganimizdek, Birlashgan Arab Amirliklari Dubay shahrida “Gulfood” xalqaro oziq-ovqat ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda.
Keyingi yillarda mamlakatimizda aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qulay agrobiznes muhit va qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish, soha boshqaruvida investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish hamda qishloq xo‘jaligida ilm-fan yutuqlarini joriy qilish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bu kabi tashriflarda har bir mamlakatning soha mas’uli ishtirokiga alohida o‘rin beriladi. Ta’kidlash o‘rinliki, vazir darajasidagi muloqot aslida konstruktiv va sermahsul hisoblanadi. Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonovning ham har bir o‘tkazayotgan muloqotlarida mana shu haqiqat ustuvordir.
Boisi, hamkorlarga va mamlakatimiz bilan ishlashga oshiqayotgan sarmoyadorlarga yurtdagi islohot va o‘zgarishlarni ayni soha mas’ulidan o‘zga birov tushuntira olishi mushkul. Boz ustiga, qishloq xo‘jaligi sektorining barcha istiqboli O‘zbekiston Prezidentining doimiy diqqat e’tiborida ekanini. Vazir ham muloqot ishtirokchilariga ayni masalani ochiqladi.
Har yili agrar tarmoq rivojiga qaratilgan qator qonuniy hujjatlar imzolanishidan tortib, yurt rahbarining viloyat safarlarida ayni mavzu doimo o‘zining dolzarbligini saqlab kelayotir. Shuning uchun ham O‘zbekiston ayni damda organik mahsulot yetishtirish va dunyoda bu borada yetakchi davlatga aylanishga bel boylagan. Bu ham haqiqat.
Binobarin, Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov “Abu Dhabi Developmental Holding Company” (ADQ) kompaniyasi tarkibiga kiruvchi “Ghitha Group” kompaniyasi direktori Issa Xoori bilan uchrashuvi ham bunga misol bo‘la oladi.
Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi agrar sohani rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash va qadoqlash, parrandachilikni tashkil etish, sut mahsulotlarini ishlab chiqarish, chorva ozuqasini ishlab chiqarish hamda mavjud issiqxonalarda pomidor mahsulotini yetishtirish, o‘z navbatida, O‘zbekistonda yetishtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari va mevalarni BAAga eksport qilish va bunda yaqin hamkorlikni yo‘dga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Vazir Ibrohim Abdurahmonov tashrif dasturiga muvofiq, “Aghita Group” direktori Kiran Appur bilan uchrashdi. Unda kompaniya vakillari va vazirlik o‘rtasida tegishli yo‘nalishlarni ishlab chiqish hamda istiqbolli yo‘nalishlarni belgilash maqsadida mutaxassislarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etishga kelishildi.
Shuningdek, Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonovning “Abu Dhabi Food Hub” kompaniyasi direktori Suresh Vaidhyanathan bilan uchrashuvda, O‘zbekistonda ixtisoslashgan oziq-ovqat markazini tashkil etish yuzasidan O‘zaro Anglashuv Memorandumini imzolashga kelishib olindi.
Aytish kerak, mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasi O‘zbekiston Prezidenti tomonidan tasdiqlangan “Qishloq xo‘jaligini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi”da belgilangan ustuvor yo‘nalishlarga monand tarzda rivojlanib bormoqda.
O‘zbekistonda agrar sohani isloh qilish, unga bozor mexanizmlari va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, klaster usuli yo‘lga qo‘yildi, bu esa bozor tamoyillariga o‘tishda, sohada davlat aralashuvini keskin kamaytirish, reja ortidan quvish va majburiy mehnat holatlariga butunlay chek qo‘yishda muhim omil bo‘lmoqda.
Umuman olganda, qishloq xo‘jaligi sohasida olib borilayotgan izchil islohotlar va xalqaro hamkorlik aloqalari xalqimizning farovon turmush kechirishiga, yurtimiz taraqqiyotini ta’minlashga xizmat qiladi. Zero, qishloq xo‘jaligi rivoji farovonlik va yuksalishga zamin yaratadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: