Xabar berganimizdek, joriy yilning 19–23-fevral kunlari Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida “Gulfood” xalqaro oziq-ovqat ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda. Tabiiyki, har bir shu kabi tadbir agrar mahsulotlarini dunyo bozorlariga taqdim etuvchi mamlakatlar uchun hamkor hamda sherik topish uchun qulay maydon sanaladi.
O‘zbekiston ham bundan istisno emas. Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov boshchilik qilayotgan O‘zbekiston delegatsiya mazkur ko‘rgazma doirasida bir qator manfaatli kelishuv va hamkorlik memorandumini imzolashga erishdi.
Jumladan, Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonovning “Abu Dhabi Food Hub” kompaniyasi direktori Suresh Vaidhyanathan bilan uchrashuvi qishloq xo‘jaligini rivojlantirish yo‘lidagi manfaatli hamkorlikning yo‘lga qo‘yilishida ham turtki bo‘ldi deb ayta olamiz. Sababi endi O‘zbekistonda ham ixtisoslashgan oziq-ovqat markazi faoliyat olib boradi.
Imzolangan hamkorlik memorandumining ham asosi ayni shu masala negizida tuzildi. Qiziqish va intilish katta. Buni kompaniya vakillari yashirib o‘tirmadi. Hamkorlik o‘zaro manfaatli ekanini biznes olami vakillari yaxshi bilishadi. Bugungi dunyo tamadduni ayni haqiqatni ham namoyon etayotgani bor gap. Demak, ilk muloqot va ilk natijaga erishildi hisob.
Sir emaski, mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi davlatimiz rahbari tomonidan tasdiqlangan “Qishloq xo‘jaligini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi”da belgilangan ustuvor yo‘nalishlarga monand tarzda rivoj topmoqda.
Agrar sohani isloh qilish, unga bozor mexanizmlari va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bugungi kunning muhim shartlaridan biriga aylangan. Xususan, bozor tamoyillariga o‘tish, raqamli qishloq xo‘jaligini yaratish, sohada davlat aralashuvini keskin kamaytirish, reja ortidan quvish va majburiy mehnat holatlariga butunlay chek qo‘yishda ayni hujjat dasturulamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
Umuman olganda, qishloq xo‘jaligi sohasida olib borilayotgan izchil islohotlar va xalqaro hamkorlik aloqalari xalqimizning farovon turmush kechirishiga, yurtimiz taraqqiyotini ta’minlashga xizmat qiladi.
Zero, rivojlangan qishloq xo‘jaligi aholi farovonligi va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga zamin yaratadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: