Golubika juda ham foydali va mazali rezavor meva, tarkibida ko‘p miqdorda qimmatbaho vitamin va minerallar mavjud. Qand va organik kislotalar pektin va oshlovchi moddalar bilan birgalikda golubika mevalarining o‘ziga xos ta’mini hosil qiladi.
Golubika bog‘ini barpo etishda ko‘chatlarni ekishdan oldin tuproqning tarkibini jiddiy o‘rganish kerak. Buning uchun golubika plantatsiyasi uchun ajratilgan yer maydonining tuprog‘i agrokimyoviy tarkibi (mineral va organik zarralar), tuproq turi (qumli, gilli, torfli, botqoq) va tuproq ishqorliligi – pH ko‘rsatkichi darajasi (kislotali, neytral, ishqorli) o‘rganiladi.
Tuproq tarkibidan olingan ma’lumotlarga qarab, yer tanlash va tuproq tarkibini sozlash mumkin. Yaxshi hosil olish uchun, golubika ko‘chatlari to‘yintirilgan ozuqaga muhtoj ekanligini yoddan chiqarmaslik lozim. Shuning uchun ko‘chatlar ekiladigan maydondagi tuproqni oldindan tayyorlash juda muhimdir.
Tuproqqa torf, agroperlit, daryo qumi, mayda shag‘allardan tashqari mineral va organik o‘g‘itlar qo‘shiladi. Ular ko‘chatlar ekish uchun mo‘ljallangan o‘ralar bo‘ylab teng ravishda taqsimlanadi.
Golubikani oziqlantirish uchun talab qilinadigan o‘g‘itlar me’yori – 1m2 yerga kaliy – 35 g, fosfor – 15 g, azot – 20 g, torf, gumus yoki chirigan go‘ng – 7 kg ni tashkil etadi. Ko‘chat ekiladigan yer 50 sm chuqurlikda kavlanadi va eng tagiga yaxshi drenaj holatini yaratish uchun 5-10 sm qalinlikda mayda shag‘allar solinadi, ustidan soz tuproq, torf, gumus yoki chirigan go‘ng, agroperlit, daryo qumidan tashqari mineral va organik o‘g‘itlar qo‘shib tayyorlangan aralashma bilan to‘ldiriladi.
Tuproqning fiziologik xususiyatlarini yaxshilash, ya’ni tuproq ichida havo aylanishini yaxshilash uchun tuproqqa 1 m2 uchun 5 kg gacha daryo qumi va agroperlit qo‘shiladi. Ko‘chat ekiladigan maydondagi tuproqni kuzda tayyorlash tavsiya etiladi. Agar yer maydoni bahorda tayyorlanadigan bo‘lsa, tuproqqa yangi go‘ng qo‘shib bo‘lmaydi. Chunki go‘ng o‘simlikning ildizini chiritishi mumkin.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: