Chorvachilik tarmog‘ini jadal rivojlantirish xalqimizni arzon va sifatli go‘sht hamda boshqa oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, ayniqsa, qishloq joylarida istiqomat qilayotgan fuqarolarning bandligini oshirish va daromadlarini ko‘paytirishda muhim o‘rin tutadi.
Jumladan, yurtimizning turli hududlarida ham chorvachilikni rivojlantirish va bu orqali aholini sifatli oziq-ovqat mahsuloti bilan ta’minlashga katta e’tibor qaratilmoqda.
Binobarin, Xorazm viloyati Yangibozor tumanida joylashgan “Tozado‘rmon chorva nasl” fermer xo‘jaligi ham ayni shu maqsadda faoliyat olib borayotgan korxonalardan biri hisoblanadi.
Bugungi kunda 29 gektar ekin maydoniga ega korxona qariyb bir gektar maydonda chorva kompleksi ham tashkil etgan bo‘lib, bu yerda Avstriyadan keltirilgan Simmental zotli 150 bosh qoramol parvarishlanayotgan bo’lib, shulardan biri 2 yosh (buqa) bo’lishiga qaramay qariyb 1.6 tonna tosh bosadi.
11 nafar doimiy ish o‘rni yaratilgan ushbu korxona kuniga 600-700 litr sut olmoqda. Korxona rahbarining so‘zlariga ko‘ra yil oxirigacha yana 66 bosh qoramol olib kelishni rejalashtirilgan, to‘liq quvvatda ishga tushirilgandan so‘ng kuniga 1500 litr sut mahsulotlari qayta ishlash korxonalariga yetkazib beriladi.
Eng asosiysi, Xorazm viloyati sharoitida ham zotdor qoramollarni parvarishlash orqali go‘sht va sut mahsulotlarini yetkazishga yangicha yondashuv asosida ish olib borilmoqda.
Avvallari tadbirkor qo‘rqqan bo‘lsa, bugun qo‘rqmasdan kredit olyapti va uni so‘ndiryapti va kelajakda qo‘shimcha ravishda mollarni ko‘paytirish orqali aholining sut va go‘sht mahsulotlariga bo‘lgan talabni qondirishda o‘z hissasini qo‘shmoqda. Xullas, Xorazmda shunaqa gaplar!
Zero, chorvani oila barakasi. Hovlisida bitta sog‘in sigiri bor ro‘zg‘orning dasturxoni fayzli, qo‘shimcha daromadli bo‘ladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: