Xorazm viloyati Gurlan tumani haqida gap ketganda ko‘pchilikning ko‘z o‘ngida unumdor sholi, turli don va dukkakli ekinlar yetishtirgan, yilning to‘rt faslida ham aholi dasturxoniga ko‘rk qo‘shayotgan mehnatsevar bog‘bonlar gavdalanadi.
Darhaqiqat, Xorazmning bu tumaniga kelsangiz, mahalliy odamlarning bog‘dorchilik borasida ancha ustomon bo‘lib ketganiga guvoh bo‘lasiz. Gurlanliklar nafaqat O‘zbekiston, balki qo‘shni respublikalarda ham dovruq qozonishgan.
Ular yetishtirgan mahsulot turli davlatlarga eksport qilinishi, bozorga olib chiqmay turib dalaning o‘zidan mahsulotini savdo rastalariga yo‘naltirilayotgani ham bejiz emas.
Binobarin, “Odilbek bog‘bon olmalari” fermer xo‘jaligida ham yetishtirilib, aholi dasturxoniga tortiq qilinayotgan turli mevalar buning ayni isboti. 9 gektar maydonni egallagan mazkur bog‘ intensiv usulda tashkil etilgan bo‘lib, resurs tejamkor texnologiyalar asosida sug‘oriladi. Bu yerda olma deysizmi, o‘rik boring-ki gilos deysizmi, turli mevalarni topishingiz mumkin.
Fermer xo‘jaligi rahbari Qahramon Yo‘ldoshevning so‘zlariga ko‘ra, hozirda 10 nafar ishchi xodim doimiy ish bilan ta’minlangan. Mavsumga qarab bu raqamlar 2-3 barobar ko‘payishi mumkin.
Bu yerda ekilgan har bir ko‘chat Turkiyadan olib kelingan bo‘lib, 1,5 gektarida o‘rik, 2 gektarida Nashvati nok, 0,5 gilos va 5 gektar maydonda olmaning Golden Delishes, Simirenko, Qora Shahzoda va 5 yulduz navlari ekilgan. Daraxtlarga ishlov berilishi ham ayni turkiyalik agronomlar tavsiyalari asosida amalga oshirilganligi ham bejiz emas.
2020-yilda barpo etilgan mazkur bog‘da ekilgan mevalarining boshqalardan farqi – uning yuqori hosildorligi va mevasining sersuv hamda ajoyib ta’mga egaligi, rangi tiniqligi va turli kasalliklarga o‘ta chidamliligidadir.
Bu yerda yetishtirilayotgan mevalar nafaqat mahalliy bozorlarni, balki qo‘shni mamlakat bozorlari ko‘rkiga ko‘rk bag‘ishlamoqda. Daromad ham shunga yarasha: 1 gektardan qariyb 10 tonna hosil olinmoqda.
Tinib tinchimas tadbirkorning mehnatsevarligi, izlanuvchanligiga taqsinlar aytsa arziydi. Zero, yer – xazina. Uning har bir qarichidan samarali foydalanilsa, daromad shuncha oshadi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: