Respublikada “Navruz” umumxalq bayramini munosib nishonlash hamda muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish, mahallalar, aholi turar joylari, xiyobonlar, ziyoratgohlar, qabristonlar hamda bolalar maydonchalarini obodonlashtirish, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi koʻkalamzorlashtirish tadbirlarini davom ettirish, sogʻlom turmush tarzi hamda sanitariya-gigiyenik madaniyatni targʻib qilish, shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2024-yil 16-18-mart kunlari “Obod va fayzli mahalla – yurt koʻrki” shiori ostida umumxalq xayriya hashari oʻtkazilmoqda. Shu munosabat bilan Qishloq xo‘jaligi vazirligi va uning tizim tashkilotlari tomonidan viloyat va tuman markazlarida umumxalq xayriya hashari tashkil etildi.
Bugun vazirlik huzuridagi Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bog’dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutining Toshkent ilmiy tajriba stansiyasida Qishloq xo’jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov boshchiligida vazirlik markaziy apparati hamda tizim tashkilotlaridan 500 nafar ishchi xodimlar ishtirokida umumxalq xayriya hashari uyushqoqlik bilan o‘tkazildi.
16-18-mart kunlari el-yurt yumushiga bel bog‘lagan agrar soha hasharchilarning g‘ayrat-shijoati bilan institutning Toshkent ilmiy tajriba stansiyasining 130 gektar maydonida obodonlashtirish va kukalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu hashar davomida hududdagi barcha daraxtlar oqlanib, shakl berildi. Bundan tashqari hashar kunlarida “Yashil makon” loyihasi doirasida mevali ko‘chatlardan pakana bo‘yli, eksportbop navlar olma, behi, shaftoli, o‘rik va nok navlaridan 1 ming 500 tup ko‘chatlarni ekish rejalashtirilgan bo‘lib, bugunning o‘zida 1000 ga yaqin mevali ko‘chatlar va turli xil gul ko‘chatlari o‘tqazildi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, umumxalq hasharining asosiy bir muhim jihati bu qon-qonimizga singib ketgan insonparvarlik, olijanoblik, mehnatsevarlik hislatlarini namoyon qilish bilan birga, xalqimizning ko‘p asrlik ezgu a’nanasini o‘sib ulg‘ayib kelayotgan yoshlarimiz qalbi va shururiga singdirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: