Bugun Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Osiyo taraqqiyot banki vakili Minh Buy Jap bilan uchrashdi.
Unda agrosanoat sohasida hamkorlikni kuchaytirish, fermerlarga xizmat ko‘rsatishning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, agrar sohadagi o‘zaro munosabatlarni rivojlantirishning muhim yo‘nalishlaridan hisoblangan paxta yetishtirish va urug‘chilik, paxtachilik tarmog‘ining yangi istiqbollari yuzasidan mavjud kelishuvlar va klasterlar faoliyatini yana-da rivojlantirish hamda o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi.
O‘z navbatida, Osiyo taraqqiyot banki investitsion mablag‘lari hisobiga Samarqand va Andijon viloyatlarida agrologistika markazlarini qurish loyihasini amalga oshirish, bunda meva va sabzavotlarni qayta ishlash, saralash, qadoqlash hamda mavsumidan qat’iy nazar iste’molchilarga yetkazib berilishini ta’minlash masalalari kun mavzusidan o‘rin oldi.
Vazir Ibrohim Abdurahmonov mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasida ham juda katta ko‘lamdagi islohotlar amalga oshirilayotganiga, bunda nafaqat soha vakillarini, balki xalqimizni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash masalasi yetakchilik qilayotganiga urg‘u berar ekan, mazkur loyihaning tez fursatlarda amalga oshirilishi nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xorij mamlakatlari aholisi uchun ham manfaatli bo‘lishini e’tirof etdi.
Muzokaralar davomida Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sektorining uzoq yillik va ishonchli hamkori sifatida qayd etilib, hozirgi kunda tashkilotning vazirlik bilan amalga oshirayotgan loyihalar qiymati va bugungi kunga qadar hamkorlikda erishilgan ijobiy natijalar e’tirof etildi.
Uchrashuv yakunida qishloq xo‘jaligida qo‘shimcha qiymat zanjirini yaratuvchi mahsulot ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, joylarda organik mahsulot ishlab chiqarish ko‘lamini kengaytirish, oziq-ovqat xavfsizligiga erishish yo‘lidagi hamkorlikni yanada kuchaytirishga kelishib olindi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: