O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 23-fevraldagi VMQ 95-son “Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha xarajatlarining bir qismini qoplash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.
Paxta, donli ekinlar, sabzavot ekinlari va kartoshka, poliz ekinlari va ozuqabop, moyli, dukkakli ekinlar va dorivor o‘simliklar uchun suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha xarajatlarning bir qismini qoplash tartibi:
Subsidiyaning ushbu turi:
- O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan paxta yetishtirishda joriy etilgan tomchilatib sug‘orish texnologiyasiga sarflangan xarajatlarning bir qismini qoplash uchun;
- O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan donli ekinlar, sabzavot ekinlari va kartoshka, poliz ekinlari va ozuqabop, moyli, dukkakli ekinlar va dorivor o‘simliklar yetishtirish uchun suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish, lazer uskunali yer tekislagichlar bilan tekislash hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilardan lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregatlarni sotib olish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun beriladi.
Talabgorlar:
– Qishloq xo‘jaligi ekinlari uchun suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha qilgan xarajatlarining bir qismini davlat byudjetidan qoplashga subsidiya ajratilishi uchun tuman ishchi guruhiga ariza bilan yozma yoki elektron shaklda murojaat qiladi;
– arizaga suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyasini qurish bo‘yicha pudrat tashkiloti bilan tuzilgan shartnoma nusxasi, loyiha hujjati va qurilish ishlari yakunlanganligi to‘g‘risidagi dalolatnoma (agar suvni tejaydigan texnologiyani o‘z kuchi va imkoniyatlari orqali qurgan bo‘lsa, ehtiyot qismlarni sotib olish bilan bog‘liq xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etiladi) ilova qilinadi.
– Hujjatlar to‘liq bo‘lmagan yoki belgilangan tartibda rasmiylashtirilmagan holda taqdim qilinganda, tuman ishchi guruhi tomonidan arizani qabul qilish rad etiladi.
Tuman ishchi guruhi:
– talabgorning tasdiqlangan manzilli ro‘yxatlarda borligini tekshiradi;
– talabgorlar va pudrat tashkilotlari vakili ishtirokida joriy qilingan suvni tejaydigan texnologiyalarning to‘liq ishlash jarayonini joyida o‘rganadi;
– texnologiya sifatli qurilgan, to‘liq ishlagan va belgilangan texnik talabgorlarga javob bersa, subsidiya ajratilishi maqsadga muvofiqligi yuzasidan tegishli xulosa tayyorlaydi.
– o‘rganish natijalariga ko‘ra suvni tejaydigan texnologiyalar talabgorlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarga muvofiq bo‘lmaganda, sifatsiz qurilgan va texnik talablarga javob bermaganda yoki aniqlangan kamchiliklar yetti kun ichida bartaraf qilinmagan taqdirda, tuman ishchi guruhi aniq sabablarni ko‘rsatgan holda talabgorga subsidiya ajratilishi maqsadga muvofiqligi yuzasidan xulosa berishni rad etish haqidagi qarorni qabul qiladi va bu haqida yozma ravishda talabgorga maʼlum qiladi.
Talabgorlar tuman ishchi guruhining ushbu qaroridan norozi bo‘lgan taqdirda, sud organlariga shikoyat qilishi mumkin.
Hududiy ishchi guruh:
– talabgorlarga subsidiya ajratish to‘g‘risidagi xulosalarni umumlashtiradi va tahlil qiladi;
– agar taqdim etilgan hujjatlarda keltirilgan maʼlumotlarda kamchilik aniqlansa, joyiga chiqqan holda texnologiyaning ishlash jarayonini o‘rganadi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi:
– qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish uchun suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha (paxta yetishtirishda joriy qilingan suvni tejaydigan texnologiya bo‘yicha ro‘yxat bundan mustasno) taqdim etilgan talabgorlar ro‘yxatlarini ular tushgan kundan boshlab o‘n kun ichida Suv xo‘jaligi vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda ko‘rib chiqadi va umumlashtiradi;
– yakuniy kelishilgan ro‘yxatlarga muvofiq talabgorlarning suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha xarajatlarining bir qismini qoplash maqsadida ularning tijorat banklardagi hisobvaraqlariga subsidiyalarni o‘tkazib beradi.
Suv xo‘jaligi vazirligi:
– paxta yetishtirish uchun joriy etilgan suvni tejaydigan texnologiyalar bo‘yicha taqdim etilgan talabgorlar ro‘yxatlarini ular tushgan kundan boshlab o‘n kun ichida Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda ko‘rib chiqadi va umumlashtiradi;
– yakuniy kelishilgan ro‘yxatlarga muvofiq talabgorlarning paxta yetishtirish uchun tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish bo‘yicha xarajatlarining bir qismini qoplash maqsadida ularning tijorat banklaridagi hisobvaraqlariga subsidiyalarni o‘tkazib beradi.
Yangi intensiv bog‘, tokzor va issiqxona xo‘jaliklarida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishga sarflangan xarajatlarning bir qismini qoplash tartibi:
Subsidiyaning ushbu turi:
- Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi tomonidan mevali ekinlar va uzum (sanoatbop usulda yetishtiriladigan texnik navli uzum plantatsiyasidan tashqari) yetishtiriladigan hamda O‘zbekiston Respublikasi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi tomonidan sanoatbop usulda yetishtiriladigan texnik navli uzum plantatsiyasi uchun joriy etilgan suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalariga sarflangan xarajatlarning bir qismini qoplash uchun beriladi.
Talabgorlar:
– subsidiya olish uchun tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etish ishlari va burg‘ilangan quduq, shuningdek, nasos stansiyasini qurish ishlari yakunlangandan so‘ng Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi hamda Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligiga yozma yoki elektron shaklda hujjatlarni taqdim qiladi.
Agentliklar:
– taqdim qilingan hujjatlarning talablarga muvofiqligini o‘rganib chiqadi;
– taqdim qilingan hujjatlar talablarga muvofiq bo‘lmagan, 2019-yildan oldin tashkil qilingan, shuningdek, intensiv bo‘lmagan bog‘ va tokzorlar uchun subsidiyalar so‘ralganda, talabgorlarni bu haqida xabardor qiladi;
– talabgorlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar Agentliklar tomonidan xabardor qilgandan so‘ng yetti ish kuni mobaynida bartaraf qilinmagan taqdirda, hujjatlarni talabgorlarga qaytaradi;
– talabgorlarning subsidiyalar olish bo‘yicha qoidalarga muvofiq bo‘lgan hujjatlarini tegishliligicha Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi qoshidagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligining Vinochilikni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiyalar berish bo‘yicha kengashining yig‘ilishlarida ko‘rib chiqish uchun kiritadi.
Kengashlar:
– Subsidiyalar ajratish yuzasidan kiritilgan hujjatlarni (takliflarni) ko‘rib chiqadi, subsidiyalar ajratish to‘g‘risida yoki ajratishni rad etish to‘g‘risida tegishli qarorlarni qabul qiladi hamda subsidiyalar ajratiladigan talabgorlarning manzilli ro‘yxatlarini tasdiqlaydi.
Agentliklar:
– Kengashlar tomonidan qabul qilingan qarorlar to‘g‘risida talabgorlarni xabardor qiladi;
– Kengashlar tomonidan subsidiya berish to‘g‘risida qabul qilingan qarorlar asosida talabgorlar bilan subsidiyalar ajratish to‘g‘risida tegishli shartnomalarni rasmiylashtiradi.
– Subsidiyalar Agentliklar va talabgorlar o‘rtasida subsidiya ajratish to‘g‘risida shartnomalar belgilangan tartibda rasmiylashtirilgandan so‘ng xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banklarida ochilgan maxsus 22626-hisobvaraqlariga bir oy muddatda ajratiladi.
O‘rganish va monitoring ishlari:
– Tuman ishchi guruhi talabgorlar tomonidan amalga oshirilgan ishlarni bevosita joyiga chiqib o‘rgangan holda subsidiya miqdorini aniqlaydi va tegishli dalolatnomani (xulosani) rasmiylashtiradi.
– Yangi intensiv bog‘, tokzor va issiqxona barpo qilish ishlari talabgorlar tomonidan subsidiya olingandan so‘ng 12 oydan oshmagan muddatda yakunlanishi lozim.
– Agentliklar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va viloyatlar qishloq xo‘jaligi boshqarmalari, tumanlar qishloq xo‘jaligi bo‘limlari bilan birgalikda besh yil mobaynida shartnomada ko‘rsatilgan parametrlarning bajarilishi yuzasidan monitoring olib boradi.
– Agentliklar tomonidan belgilangan qoidalar talablarining buzilish holatlari aniqlangan taqdirda, ajratilgan subsidiyalarni Agentliklarga qaytarish haqida talabgorlarga yozma xabarnoma yuboriladi.
– Talabgorlar ushbu xabarnomalarni olgan kundan eʼtiboran bir oy mobaynida olingan subsidiyani Agentliklarning tegishli maxsus shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga qaytarishi lozim.
– Talabgorlar ajratilgan subsidiyani belgilangan muddatda qaytarmagan taqdirda, Agentliklar tomonidan subsidiyani sud tartibida undirish choralari ko‘riladi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: