Gilos – o‘z nomi bilan bahor faslining sarxil mevalari qatoriga kiradi. Betakror rangi, mevasining shakli-yu ajabtovur ta’mi har qanday kishida o‘zgacha hissiyot baxsh etadi. Ayniqsa, yurtimizning beminnat quyoshi, musaffo havosi, unumdor tuprog‘i hamda shirin suvidan ungan gilos mevasi har qanday xorijlikda yuqori taassurot qoldiradi.
Bugungi kunda gilosning 100 ga yaqin navi mavjud bo‘lib, yurtimizda asosan bahor, sariq gilos, qora gilos, revershon, sarvi surxoni kabi navlari yetishtiriladi.
Bahor navi – o‘rtapishar universal giloslar sirasiga kiradi. O‘zbekistonda gilos mavsumini boshlab beradigan bu nav Frantsis va Savri surxoni navlarining chatishuvi asosida yaratilgan. Bu navni asosan adirliklarda ekish ayni muddao. Sovuqqa chidamli, tanasi baquvvat, 3-4 yilda hosilga kiradi. 7-9 yilda uning hosili 50-70 kilogrammgacha yetadi. Mevasi 5-10-maylarda pishadi, yirik donasi, yumaloq, rangi to‘q qizil bo‘ladi. Donasi og‘irligi 8 grammni tashkil etadi. Tashishga va saqlashga chidamli, mevasi daraxtda qoqi holiga kelguncha to‘kilmay turadi.
Mahalliy navlar ichida revershon kechpishar bo‘lib, tanasi baquvvat, keng tuxumsimon shox-shabbasi, qurg‘oqchilikka ancha chidamli, sovuqqa o‘rtacha chidamli, mahalliy iqlimga yaxshi moslashgan. Beshinchi yildan hosilga kiradi. Mevasi 25-30–mayda pishadi, yirik, o‘rtacha vazni 7, 5 gramm, keng yuraksimon, rangi to‘q qizil, juda chiroyli bo‘ladi. Eti to‘q qizil, zich, karsillaydi, shirin, ta’mi juda yaxshi. Mevasi yangiligida iste’mol qilinadi va kompot qilinadi.
Ko‘p yillik tajribalarga tayangan dehqonlarga ko‘ra, olchani adirlarda yoki tekislangan yerlarda tuproqni uyilgan holda ekishni tavsiya qilishadi. Gilos daraxti tomirlari atrofida namlikning yuqori bo‘lishi novdasining sekin o‘sishiga, kurtak ochishi, meva tugishiga hamda ta’miga salbiy ta’sir qiladi. Ayniqsa, suv ko‘p ichgan gilosning terisi yupqa va shirasining kamligi hisobiga tashish va saqlash hamda eksport qilish uchun yaroqsiz holga keltirib qo‘yadi.
Mevasi suvli bo‘lsa-da, gilos suvni unchalik xohlamaydi. Qishda chilla suvi, bahorda kurtak ochganda va undan keyin 3-4 martagacha suv ichadi.
Gilosning foydasi ham katta. Olimlarning fikricha, bir stakan gilosda 3 gramm kletchatka bor va u sog‘lom tana vaznini saqlashga yordam beradi, ichak salomatligini yaxshilaydi. Shuningdek, xolesterin va yurak xastaliklari xavfini kamaytiradi va hatto qonda shakar darajasini nazorat qiladi. Gilos mevasi yurak kasalliklarini oldini olishda ham juda foydali. Undagi melatonin gormoni uyqu sifatini yaxshilaydi, xotirjamlik uchun javob beradi. Bir so‘z bilan aytganda, gilos koni foyda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: