Arpa – boshoqdoshlarga mansub bir va ko‘p yillik don o‘simligi. Vatani Old Osiyo. Biologik xususiyatlarga ko‘ra, kuzgi va bahorgi turlarga bo‘linadi. Poyasi poxolpoya, 4-6 ta bo‘g‘imli, bo‘yi 30-35 sm dan 130-134 sm gacha. To’pguli boshoq. Mevasi pardali yoki yalang‘och don, rangi sarg‘ish, och jigarrang va och kulrang. 1000 ta doni vazni 30-60 g. Donida 64,6 % uglevod, 13% suv, 2% oqsil, 5,5% kletchatka, 2,1% yog‘, 2,8% kul moddasi bor. Bahorgi arpaning vegetatsiya davri 55-110, kuzgisiniki 180-210 kun (nav xususiyatlari va ekiladigan hududlarga qarab). Arpa o‘zidan changlanuvchi o‘simlik, guli yopiq, maysalari 4-5°C da unib chiqadi, o‘sib rivojlanib borishi uchun qulay harorat 22°C. Arpa issiqqa chidamli o‘simlik, havo quruqligini yaxshi ko‘taradi. Xalq xo‘jaligida arpadan xilma-xil maqsadlarda (oziq-ovqat, yem, pivo sanoati uchun xom ashyo) foydalaniladi. Juda erta quruq jazirama issiq boshlanmasidan oldin (mayning oxiri – iyun) pishib yetiladi. Sug‘oriladigan maydonlarda har gektaridan 50 s gacha hosil beradi.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda arpaning 22 navi yetishtiriladi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: