Buxoro viloyatida amaliy va ishchi tashrif bilan bo‘lib turgan Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Buxoro tumanidagi “Buxoro Varnet” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Aytish kerak, mazkur korxona hozirgi kunda zamonaviy agrosanoat majmuasiga aylangan. Avval bu yerda faqat issiqxona bo‘lgan bo‘lsa, endilikda uning yonida o‘quv markazi, laboratoriya hamda issiqxonalar uchun konstruksiyalar ishlab chiqaruvchi korxona mavjud. Ya’ni, zamonaviy issiqxonalar uchun nimaiki kerak bo‘lsa, shu yerda tayyorlanadi.
Vazir Ibrohim Abdurahmonov tashrifi chog‘ida mazkur majmuaning yangi imkoniyatlari bilan tanishar ekan, bu yerda yetishtirilayotgan har bir meva va sabzavotlarning daladan dasturxonimizgacha keladigan jarayoni dehqon hamda fermerlarimizning, qanchadan-qancha ishchi-mehnatkashlarning og‘ir va mashaqqatli mehnati samarasi ekanini alohida qayd etdi.
Ta’kidlash o‘rinliki, Buxoro viloyatining ko‘p yerlari sho‘rxok va qumloq, suv esa tanqis. Bunday joylarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish uchun gidroponika usuli juda qulay.
Shu bois, davlatimiz rahbari tomonidan 2018-yilda tashkil etilgan «Buxoro-agro» erkin iqtisodiy zonasi, bugun viloyatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb etish, klaster tizimida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilish uchun keng sharoit yaratib berayotgani ham bejiz emas.
“Buxoro Varnet” korxonasi ham ana shu imkoniyatlar samarasi. Loyihaning umumiy qiymati 120 million dollardan ziyod bo‘lib, bu mablag‘ning hammasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalar tashkil etadi.
Bugungi kungacha 10 million dollar tashqi investitsiya o‘zlashtirilib, 13 gektar maydonda issiqxona qurib bitkazildi, 260 dan ortiq ish o‘rni yaratildi.
Korxona uchun qariyb 113 gektar yer ajratilgan bo‘lib, to‘liq ishga tushganda yillik quvvati 33,8 ming tonna bo‘ladi, jami 2 mingga yaqin ish o‘rni yaratiladi.
Yagon maqsad esa – aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirishda qishloq xo‘jaligini drayverga aylantirish.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: