Respublikada dorivor va ziravor o‘simliklarni rivojlantirishda erishilgan natijalar
Aholi salomatligini saqlash va daromadlarini oshirishda dorivor o‘simliklar yetishtirishning yutuqlari va istiqbollari
Bugungi kunda dorivor o‘simliklarga bo‘lgan qiziqish tobora ortib bormoqda, butun dunyo pandemiyasida insonlar sog‘lig‘iga alohida eʼtibor berishi, salomatlik sirlaridan xabardorligi ortishi, qarigan va surunkali kasalliklarga chalingan insonlar immun tizimini faollashtirish uchun tabiiy vositalarni afzal ko‘rishi, tabiiy vositalarning mutloq zararsizligi va foydasi ushbu sohada ilmiy tadqiqotlarga investitsiyalar hajmining va xalqaro bozorlardagi dorivor o‘simliklarga bo‘lgan talabning keskin ortishiga sabab bo‘ldi.
Jumladan, 2020-yilda dunyo mamlakatlarida dorivor o‘simliklar asosidagi vositalar aylanmasi 100,9 mlrd dollarni tashkil etgan bo‘lsa, yillik o‘sish 7,2 % dan iborat bo‘lgan. O‘zbekiston tabiiy va geografik jihatdan dorivor o‘simliklarga boy hudud hisoblanib, respublikada tabiiy holda mavjud 4500 turga yaqin yuksak o‘simliklarning 1200 ga yaqini dorivorlik xususiyatiga ega.
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda dorivor va ziravor o‘simliklarni rivojlantirishga, xususan tabiiy boyliklardan samarali va unumli foydalanishga katta ahamiyat berilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 10-apreldagi “Yovvoyi holda o‘suvchi dorivori o‘simliklarni muxofaza qilish, madaniy holda yetishtirish, qayta ishlash va mavjud resurslardan oqilona foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4670-son qarori sohani tubdan rivojlanishining huquqiy asoslarini yaratib berdi. Ushbu qarordagi vazifalarni amalga oshirish natijasida dorivor o‘simliklarni nafaqat tabiatda yovvoyi holda terib olish, balki madaniy holda plantatsiya usulida ko‘paytirish va qayta ishlashni tashkil etish bilan shug‘ullanuvchi fermerlar va tadbirkorlar soni ham sezilarli darajada ortib bormoqda.
O‘tgan davr mobaynida 9 ta dorivor o‘simliklar yetishtirish klasterlari tashkil etilib, ular tomonidan moychechak, kovrak, limono‘t, qalampir yalpiz, qizilmiya, zaʼfaron va boshqa dorivor o‘simliklar yetishtirilmoqda. Ularning faoliyati natijasida o‘tgan 2021-yilda 4 ta xorijiy davlatga 1,7 mln AQSH dollar qiymatidagi dorivor o‘simliklar xom ashyosi va qayta ishlangan mahsulotlari eksport qilindi.
Bugun sohaga eʼtiborning ortishi hamda mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanish natijasida respublikada 100 dan ortiq turdagi dorivor o‘simliklarga rasmiy tibbiyotda foydalanishga ruxsat berilgan bo‘lib, ushbu dorivor o‘simliklarning asosiy qismi tabiiy holda o‘suvchi o‘simliklar tashkil etadi. Ushbu tabiiy holda o‘suvchi dorivor o‘simliklarning xomashyo zahirasi chegaralangan bo‘lib, ularni muhofaza qilish, bioekologik xususiyatlarini o‘rganish, xomashyo zahirasidan to‘g‘ri foydalanish va ko‘paytirishning ilmiy asoslangan usullarini ishlab chiqish dolzarb muammolardan biridir. Shuning uchun, O‘zbekistonda farmatsevtika sanoatining ehtiyojlarini dorivor o‘simliklar xomashyosi bilan taʼminlash, mahalliy florani yangi introdutsent o‘simlik turlari bilan boyitish va ularni yetishtirish texnologiyalarini ishlab chiqishni taqozo etmoqda. Xususan, 2020-yil boshida respublikaning barcha hududlarida jami 11,5 ming ga yer maydonida 27 turdagi dorivor o‘simliklar plantatsiyalari mavjud bo‘lgan bo‘lsa, 2021-yil davomida dorivor o‘simliklar plantatsiyalari 162 ta subyektlar tomonidan 15,8 ming ga yetkazilib, ichki va tashqi bozorlarda xaridorgir bo‘lgan 45 turdagi dorivor va ziravor o‘simliklarning 17,3 ming tonna xomashyosi yetishtirildi.
Dorivor o‘simliklar madaniy plantatsiyalarining kengayib borishi va ishlab chiqarish hajmlarining ortishi bilan birgalikda sohaning eksport salohiyati kuchaytirilmoqda. 2020-yil yakunida 29 ta xorijiy davlatga 16,0 ming tonnadan ortiq 50,0 mln AQSH dollari qiymatidagi dorivor o‘simliklar xomashyosi va qayta ishlangan mahsulotlari eksport qilingan bo‘lsa, 2021-yil yakuni bilan bu ko‘rsatkichda o‘sish kuzatilib, dunyoning 37 ta davlatlariga 55 mln dollar qiymatidagi mahsulotlar eksporti amalga oshirildi. Eksport geografiyasining AQSH va Yevropa davlatlari hisobiga ortib borishi sohaning imkoniyati katta ekanligidan dalolatdir. Shunigdek, faol qo‘llaniladigan dorivor o‘simliklar madaniy plantatsiyalarini yaratish uchun birlamchi urug‘chilikni yo‘lga qo‘yish va onalik ko‘chatzorlarini tashkil etish sohaning tub ildizi bo‘lib, bugungi kunda 16 ta subyektlar tomonidan 22 turdagi dorivor va ziravor o‘simliklar urug‘ va ko‘chatlari yetishtirilmoqda.
Aytish joizki, sohaning rivojlanib borishi barobarida aholining tabiiy dori vositalariga qiziqishi va isteʼmoli ko‘payib, xabardorligi ortib bormoqda. Bu boradagi ishlarni yana-da kuchaytirib, aholining nafaqat isteʼmol madaniyatini oshirish, balki o‘z tomorqalarida dorivor o‘simliklar yetishtirishga jalb etish, “bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida klasterlar va eksport qiluvchilar hamkorligida dorivor o‘simliklarni ekish, birlamchi qayta ishlab, ichki va tashqi bozorlarga yo‘naltirish orqali o‘z-o‘zini band qilish, aholi daromadini ko‘paytirish lozim.
Shunday o‘simliklardan biri ham dorivor, ham ziravor bo‘lgan oziq-ovqat, farmatsevtika va parfyumeriya sanoati uchun qimmatbaho xomashyo hisoblangan “ziravorlar sultoni” nomi bilan mashhur bo‘lgan o‘simlik – zaʼfaron bugungi kunda dunyodagi eng qimmat o‘simlik hisoblanadi. Zaʼfaron O‘rta yer dengizi, Yaqin Sharq, Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlarida, jumladan Eron, Hindiston, Turkiya, Gretsiya, Italiya, Pokiston, AQSH, Ozarbayjon, Rossiya, shuningdek, bugungi kunda O‘zbekiston hududlarida ham katta plantatsiyalarda yetishtirilmoqda. Ushbu o‘simlik balandligi 10-30 sm ga yetadigan ko‘p yillik o‘t o‘simlik bo‘lib, ildizi 2-3 sm, barglari tik, bigizsimon ko‘rinishda, gullari zich to‘plamda joylashadi. O‘simlikda to‘p barglar gullash davridan 10-15 kun oldin paydo bo‘ladi. Zaʼfaronning gullari yirik, pushti rangda bo‘lib, oktyabr oyining oxiri va noyabr oyining birinchi yarmida gullaydi. Gul barglarining ichida changchilar – qizil, urug‘chilar – to‘q sariq rangda bo‘ladi. Urug‘ hosil qilmasligi sababli vegetativ usul bilan (piyozboshchalar orqali) ko‘paytiriladi.
Zaʼfaron o‘simligi ekilgandan birinchi yili gektaridan 2 kg, ikkinchi yilda 4 kg, uchinchi yildan boshlab 6-8 kg gacha zaʼfaron guli xomashyosi terib olish mumkin. Bir kilogramm quritilgan zaʼfaron guli xomashyosini tayyorlash uchun 150 mingdan ortiq gullari terib olinishi kerak. 1 dona zaʼfaron gulidan o‘rtacha 7 mg quritilgan ziravor olinadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan zaʼfaron o‘simligining respublikada keng maydonlarda joriy etish, o‘simlik plantatsiyalarini ko‘paytirish, yetishtirish, sohaga chet el investitsiyasini jalb etish va eksport salohiyatini oshirish hamda xotin-qizlarni ish bilan taʼminlash maqsadida Jizzax viloyatining Baxmal tumanida Italiya davlati bilan hamkorlikda “BMB Opera Zafferano” MCHJ qo‘shma korxonasi tashkil etildi.
Yevropa davlatlariga zaʼfaron xom ashyosidan tayyor mahsulotni eksportga chiqarish maqsadida Italiya davlatidan 21 mln donadan ortiq piyoz tuganaklari olib kelinib, bugungi kunda Baxmal tumanida jami 205 gektar maydonda zaʼfaron plantatsiyasi barpo etildi. Ushbu amalga oshirilgan ishlar natijasida, 2021-yilda 773 ming AQSH dollari miqdoridagi zaʼfaron mahsulotlari Italiya davlatiga eksporti amalga oshirildi.
Zaʼfaron o‘simligi tibbiyotda onkologik kasalliklarni davolashda (hatto kasallikning oxirgi bosqichida saraton o‘simtalariga qarshilik ko‘rsatadi va ularning hujayralari o‘sishini to‘xtatadi), qonni tozalashda (uni yangilaydi va tozalaydi, demak yurak qon tomir tizimini mustahkamlaydi, organizmning barcha hujayralarini oziqlantiradi), miya faoliyati aktivligini yaxshilaydi (bosh miya to‘qimalarini o‘stiradi, xotirani yaxshilaydi), nevrozdan forig‘ qiladi, bosh og‘rig‘i va uyqusizlikdan xalos etadi, oshqozon-ichak faoliyatini meʼyorga keltiradi, organizmni quvvatlaydi, ko‘rish qobiliyatini tiklaydi, ko‘z to‘rpardasidagi illatlarni davolaydi, butun organizmni yoshartiradi.
Ushbu birgina o‘simlikning keng ommalashishi, pandemiya davrida aholi salomatligi uchun shifobaxsh mahsulotlar turlariga talabning ortishi, suv taqchilligi davrida qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari uchun yuqori daromad manbai ekanligidan ko‘rinib turibdiki, dorivor o‘simliklar sohasi respublikada endi rivojlanayotgan, misli ko‘rinmas katta tabiiy zahiraga ega istiqbolli sohalardan biri bo‘lib, ushbu sohani yana-da rivojlantirish, taʼlim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini taʼminlash, sohaning yagona bir tizimga birlashishi zamon talabi hisoblanadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: