Har daqiqa, har ondan unumli foydalanish – bugungi kunning vaqt talabidir. Qishloq xojaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov ko‘rgazmada ishtirok etar ekan, ushbu ko‘rgazma doirasidagi qator uchrashuvlarni tashkil etishdan bosh maqsadi – avvalambor O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini yangi bosqichga olib chiqish uchun kerak bo‘lgan ilm-fan, bilim va yangiliklarni o‘zimizga olib kelishdan manfaatdor ekanligini namoyon qila olyapti.
Bugungi eng asosiy masala: “Bugungi islohotlarni izchilligini ta’minlashda bizga kim va qanday yordam bera oladi?”. Vazir o‘z navbatida, avval sinalgan, tajribadan o‘tgan va samara bergan loyihalarni O‘zbekistonga jalb qilish bo‘yicha aniq va manzilli muloqotlarni boshlab yubordi.
Bunda, dunyodagi nufuzli kompaniya vakillari, agrobiznes yo‘nalishidagi mutaxassislar va bozorni eng ko‘zga ko‘ringan vakillari ham muloqot uchun jam bo‘lishmoqda.
Chunonchi, BAAning Iqlim oʻzgarishi va atrof-muhit vaziri Amna Al Dahak bilan, qolaversa, “Gulfood” xalqaro oziq-ovqat ko‘rgazmasi doirasida Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov “Appetite Creative” kompaniyasi asoschisi va direktori Jenni Stenli bilan aqqli fermerlik loyihasini va ushbu konsepsiyani O‘zbekistonda rivojlantirish yuzasidan fikrlar almashildi.
Qolaversa, AQShning “Agribusiness Associates Inc.” va “Resilient Systems Inc.” kompaniyalari rahbari Gill Garbinder bilan uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuv doirasida qovoq mahsulotini chorvachilikda ozuqa sifatida yetishtirish va ishlab chiqarish maqsadida AQShdan turli xil qovoq urug‘larini importi va O‘zbekiston iqlim sharoitiga moslashtirish yuzasidan fikr va mulohazalar almashildi.
Shu bilan birga, Gil Garbinger tomonidan O‘zbekistonda meva-sabzavot mahsulotlarini hosilidagi mavjud yo‘qotishlarni oldini olish, mazkur mahsulotlar uchun yangi bozorlarni yaratish va eksportini rag‘batlantirishga qaratilgan strategiyani ishlab chiqishda ko‘maklashish maqsadida joriy yil may oyi yakuniga qadar O‘zbekistonga tashrifini amalga oshirishini ma’lum qildi.
Binobarin, vazir Ibrohim Abdurahmonovning “Al Aliyo Hydrofarm” kompaniyasi rahbari Farzana Malik bilan uchrashuvi ham ikki mamlakat o‘rtasidagi agrar sohani rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, chorva ozuqasini ishlab chiqarish hamda mavjud kichik hajmda bo‘lgan vertikal uslubdagi issiqxonalarni O‘zbekistonda ham tashkil etish, o‘z navbatida, O‘zbekistonda yetishtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari va mevalarni BAAga eksport qilish va bunda yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bu esa mamlakatlarimiz soha mutaxassislarini muzokara uchun yig‘ilish, kelishuv va bitimlarga imzo chekish va albatta amaliy ishga o‘tishiga lozim da’vatdir. Shunday bo‘layapti ham.
Ibrohim Abdurahmonov o‘z navbatida, vertikal ko‘rinishdagi fermalarning istiqboli, bu esa, suv sarfini kamaytirish bilan bir qatorda yerni ham iqtisod qilish va bu orqali yuqori daromad olish mumkinligini qayd etdi. Qolaversa, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi salohiyati, mavjud imkoniyatlar, olib borilayotgan islohotlar hamda mamlakatimizda agrar sohada amalga oshirilayotgan bilim va innovatsiyalar xususida so‘z yuritdi.
Arab tomoni o‘z navbatida o‘zbek zaminining bu boradagi takliflari bilan qiziqdi. Delegatsiya rahbari qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash, qadoqlash, ularni eksportini yo‘lga qo‘yish hamda O‘zbekistonda mavjud issiqxonalardan foydalanish yuzasidan o‘z takliflarini taqdim qildi.
O‘zbekiston so‘nggi yillarda o‘zining konstruktiv muloqot qila olishi va tashqi dunyoga ochiqligini ko‘rsatayotgan bo‘lsa, sarmoyadorlar oldidagi majburiyatni bajarish bilan birgalikda sarmoya tikilsa – u manfaat berishini amalda ko‘rsata oldi.
Umuman olganda, qishloq xo‘jaligi sohasida olib borilayotgan izchil islohotlar va xalqaro hamkorlik aloqalari xalqimizning farovon turmush kechirishiga, yurtimiz taraqqiyotini ta’minlashga xizmat qiladi. Zero, qishloq xo‘jaligi rivoji farovonlik va yuksalishga zamin yaratadi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: