2023-yilning noyabr oyida Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida “BMB-NRC Agrologistics”markazining ochilishi mamlakatimiz agrar sektorida eng katta voqeliklardan biri bo‘lgani shubhasiz.
O‘zbekistonning eksport ko‘rsatkichlariga nazar soladigan bo‘lsak, eksport geografiyasi borasida aniq tasavvurga ega bo‘lamiz. Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilning yanvar-noyabr oylarida xorijga qiymati qariyb $1,1 mlrd.ga teng bo‘lgan 1,6 mln tonna meva va sabzavotlar eksport qilingan. Jahon bozoriga chiqarilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 37,6% fitosanitar sertifikat asosida Rossiya Federatsiyasiga jo‘natilgan.
Raqamlardan ma’lum Rossiya O‘zbekistonda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun katta bozor. Shunday ekan to‘siqlarsiz eksport koridorlarining ochilishi alohida ahamiyatga ega va bu jarayonda karantin xizmatining roli muhim. Sababi zararli organizmlardan xoli meva-sabzavot muvaffaqiyatli eksport garovi.
Shu nuqtayi nazardan Butunrossiya o‘simliklar karantini ilmiy-tadqiqot instituti federal davlat budjet tashkiloti (FGBU “VNIIKR”) bilan imzolangan hamkorlik memorandumi doirasida Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida 15 yanvardan 19-yanvargacha hamkorlikda o‘rganishlar olib borilmoqda.
Olimlar dastlab sista hosil qiluvchi zararli organizmlarni aniqlash, laboratoriya sharoitida mazkur organizmlarni avtomat ravishda ajratuvchi uskuna bilan ishlash metodikasi, qarshi kurash choralarini belgilash borasida fikr almashmoqdalar. Shuningdek, PSR usulida real vaqt rejimida bakterial va virusologik kasalliklarni aniqlash borasida Rossiya tajribasi o‘rganilmoqda.
E’tibor markazida bo‘lgan masalalardan yana biri – Rossiyaga eksport qilinadigan mahsulotlarning fumigatsiya jarayonlari bo‘ldi. Bunda fumkameralarning joylashuvi, foydalaniladigan preparatlar ko‘rib chiqilib, qo‘shma dasturlar asosida inspektorlarning bilim va malakasini oshirish masalasi muhokama etildi.
Agrologistika markazida zamonaviy laboratoriya tahlillarini olib borish uchun zaruriy uskunalar ta’minoti bo‘yicha ham fikr almashildi. Hozircha O‘zbekistondagi eng yirik va yagona agrologistik kompleks hisoblangan mazkur obyektda eksportga chiqarilayotgan mahsulotlar 6 yo‘nalish bo‘yicha tekshiriladi. 40 gektar hududni o‘z ichiga olgan markazda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari saralanadi, kalibrlanadi, qayta ishlanib, qadoqlanadi. Shuningdek, saqlash imkoniyati ham mavjud. Ya’ni qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining jahon standartlari asosida yetkazilishiga imkoniyat yaratilgan.
Ma’lumot uchun, 2018-yilda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi hamda Rossiya Federatsiyasining (FGBU “VNIIKR”) Butunrossiya o‘simliklar karantini ilmiy-tadqiqot instituti o‘rtasida hamkorlik kelishuvi imzolangan. Unga asosan ikki tashkilot o‘rtasida fitosanitar xavfsizlikni ta’minlash, jumladan, O‘zbekiston va Rossiya ilmiy-tadqiqot doiralarining tajriba almashinuvini rivojlantirishni ham nazarda tutadi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: