Bugun Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Italiyaning Tushia universiteti (Tucsia University) rektori, professor Stefano Ubertini bilan uchrashdi.
Muloqot chog‘ida madaniy meros obyektlarini qayta tiklash bo‘yicha mutaxassislarni hamkorlikda tayyorlash, Yevropa Ittifoqining “Erasmus+” dasturi va Italiya grantlarini jalb qilish orqali mamlakatimiz talabalariga ko‘proq imkoniyat yaratish masalalari muhokama qilindi.
Vazir o‘z navbatida bu kabi hamkorlik aloqalari, avvalo, talabalarning qishloq xo‘jaligidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirishi bilan birgalikda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda ham muhim poydevor vazifasini o‘tashini qayd etdi.
Italiya tomonining aytishicha, keyingi o‘quv yilidan boshlab, universitet o‘zbekistonlik talabalarni qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti, o‘rmonchilik, atrof-muhit va o‘simliklar biotexnologiyasi yo‘nalishida magistratura bosqichiga o‘qishga qabul qilishni boshlaydi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini tez fursatlarda yo‘lga qo‘yish borasida kelishib olishdi.
Ma’lumot uchun: Tushia universiteti 1979-yilda Viterbo shahrida tashkil etilgan bo‘lib, Italiyaning qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda universitetda 8 mingdan ziyod talaba tahsil olmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: