Yangi yil Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Xorazm viloyatlarining chekka hududlari qishloq aholisi uchun xushxabar bilan boshlandi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ularni yangi agrosanoat uskunalari bilan ta’minladi, bu esa qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini sezilarli darajada oshiradi, shuningdek, uy xo‘jaliklari daromadlarini oshiradi.
Jumladan, Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz va Qamashi tumanlari, Xorazm viloyatining Urganch va Yangibozor tumanlari, Qoraqalpog‘istonning Qorao‘zak va Beruniy tumanlaridagi tomorqa xo‘jaliklari 30 ta issiqxona va 25 ta motokultivator oldilar.
Ko‘mak Global ekologik jamg‘arma (GEF) tomonidan moliyalashtirilayotgan va FAO tomonidan Qishloq xo‘jaligi vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihasi doirasida ko‘rsatildi.
Yangi issiqxonalar loyiha hisobidan benefitsiarlarning tomorqa yer uchastkalariga o‘rnatildi. FAO mutaxassislari issiqxona egalariga sabzavot ekinlarini ekish bo‘yicha tavsiyalar berishdi.
Chunki, issiqxonalarda to‘g‘ri tashkil etilgan ish butun yil davomida yuqori va barqaror daromadning kalitidir. FAOning O‘zbekistonda boshqa loyihalarini amalga oshirish doirasida ham tomorqa xo‘jaliklariga issiqxonalar qurib berilgan bo‘lib, amaliyotning ko‘rsatishicha, ushbu issiqxonalar biznesi yiliga 10 million so‘mdan 30 million so‘mgacha daromad keltirishi mumkin.
O‘z navbatida, yer uchastkalarini ishlov berishda motokultivatorlar katta yordam bermoqda. Ular ishni ancha osonlashtiradi va tuproqqa ishlov berish hamda ekish uchun tayyorlashda mehnatini yengillashtirmoqda.
Imkoniyatlar shudgorlash, kultivatsiya qilish, egat olishni o‘z ichiga oladi va turli xil qo‘shimcha jihozlar nafaqat yerga ishlov berish, balki pichan tayyorlashga, yuk tashishga va boshqa ishlarni bajarishga imkon beradi.
“Issiqxonalarni va qishloq xo‘jaligi texnikalarini topshirish orqali biz qishloq aholisining daromadlarini barqaror oshirish, ularga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va o‘zini oziq-ovqat bilan ta’minlash uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga harakat qilmoqdamiz.
Eslatib o‘tish joizki, to‘yib ovqatlanmaslikka qarshi kurashish Barqaror rivojlanishning 17 ta maqsadidan biri bo‘lib, FAO mandatida markaziy o‘rin tutadi. Yetkazib berilgan issiqxona va motokultivatorlar loyiha hududlaridagi milliy bog‘lar va qo‘riqxonalarning qo‘riqlanadigan hududlariga yuklamani kamaytiradi degan umiddamiz”, – dedi FAO loyihasi milliy koordinatori Aziz Nurbekov.
Aytish joizki, loyiha doirasida O‘zbekistonda ekotizim degradatsiyasining oldini olish maqsadida bug‘doy ishlab chiqarish va samarali yer tuzish texnologiyalari va ekologik yondashuvlar kabi ishlar bajarilmoqda.
Shu bilan birga, bioxilma-xillikni saqlash, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, natijada qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirishga xizmat qiluvchi tuproqni himoya qiluvchi va resurs tejovchi qishloq xo‘jaligini amaliyotlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: