Ekish uchun tavsiya etilgan atirgul navlari: Qora magiya, Papilon, Burgun, Salvidor, Kulin Yelezaveta, Moskovskiy, Prezident, Аnjelika va h.k.
Koʼchat tayyorlash. Yozning oʼrtalarida chala yarim pishgan naʼmatak teriladi, dukkaklari chaqib olinadi va oʼradagi qumga aralashtirib koʼmiladi. Koʼmilgandan soʼng, 3–4 kun davomida suv sepilib turiladi. 15–20 kun oʼtgandan soʼng koʼmilgan na’matak qumdan olinadi, yoyib quritiladi.
Quriganlari elanib, qumdan ajratiladi, mato xaltaga solib, soya va quruq joyda saqlanadi. Na’matak urugʼi noyabr oyida yana qalinligi 25–30 sm boʼlgan hoʼl qumga aralashtirib koʼmiladi. Mart oyining 5–10 sanalarida qumdan kovlab olinib, elanadi va 10–15 sanalarda yerga sepiladi. Sepilgan urugʼ 20–25 kun davomida unib chiqadi.
May oyining oʼrtalariga borib yagana qilinadi. Nihollar payvand paytigacha parvarish qilinadi. Аvgust oyining 10–15larida payvand qilishga yetiladi. Payvand qilish uchun atirgulning sogʼlom pishgan koʼz navdasi tanlab olinadi. Koʼzli navda gulning past qismidan 20–25 sm. qoldirib kesiladi. Kesilgan navdaning tepa yumshoq qismi ham kesib olib tashlanadi. Qolgan sogʼlom navdadan koʼz olib, na’matak tanasiga payvand qilinadi. Payvand qilingandan soʼng, 20–22 kundan keyin kurtak chiqadi, asta-sekin rivojlanib, shoxga aylanadi va 9–10 oydan soʼng ilk gulini beradi.
Ekish uchun joy tanlash va yerni tayyorlash. Gul yetishtirish uchun ajratilgan maydon tekis va uncha katta boʼlmagan (2–3o gacha) nishablikda boʼlishi lozim. Yer maydoni kuz oylarida tayyorlanadi. Organik oʼgʼitlar berib, 20–30 sm chuqurlikda chopiladi. Tuproq begona oʼtlardan tozalanadi, xaskashlanadi va pushta olinadi. Ular kaltaroq, balandligi 20–25 sm, kengligi 70 sm boʼlishi kerak. Ekishdan oldin maydon sugʼoriladi. Koʼchatlar 70×60 sm va 70×70sm sxemada ekiladi.
Ekish. Аtirgullarni ekishning eng maqbul payti bahor faslidir. Ekish oldidan atirgulning ildizlari tekshirib chiqiladi, singan va titilgan ildizlar kesib tashlanadi, qolgan sogʼlom ildizlar esa loy va qoramol axlatidan tayyorlangan atalaga botirib olinadi. Gul koʼchatini ekish uchun eni 30×30 sm, chuqurligi 30 sm kattaligidagi chuqur qaziladi. Koʼchat oʼtqazishdan oldin bu chuqur suv bilan toʼldiriladi. Tuplar koʼchatzordagi holatidan bir oz chuqurroq (3–4 sm) qilib, payvand qilingan tarafini kun chiqish tomonga qaratib oʼtqaziladi. Payvand boʼlgan joyi yer yuzasida 45–50 sm tepada boʼlishi lozim. Nam koʼtarilib ketmasligi uchun aylana ariq betiga 3–4 sm qalinlikda qipiq yoki yangi ot goʼngi sepib qoʼyiladi. Uzun shoxlari qirqib kalta qilinadi. Qirqishda yangi novdalar hosil boʼlishi uchun toʼrt-olti kurtak qoldirilishi kerak. Oʼsimlik oʼtqaziladigan kuni har bir chuqurga 6–8 kg hisobidan chirigan goʼng tuproqqa aralashtirib solinadi. Аgrotexnika tadbirlari toʼgʼri olib, borilganda oʼsimlik tupidan 8–12 donagacha gul olish mumkin.
Sugʼorish. Sugʼorishda naʼmatak unib chiqqandan keyin yer chala, yaʼni har 10 kunda 2–3 marotaba sugʼoriladi. Payvand qilingandan soʼng tagidan nam ketmasligi kerak. Keyin koʼchat hafta davomida 1 marta sugʼorilib turiladi.
Oʼgʼitlash. Аtirgul koʼchatlari asosan mahalliy oʼgʼitlar bilan oziqlantiriladi.
Qator oralariga ishlov berish. Ishlov berish ishlari sugʼorilgandan 2–4 kundan soʼng bajariladi. Tuproqni yumshatish dastlabki yillari 3–4 marotaba amalga oshiriladi. Qator oralari qoʼl kuchi bilan 10–15 sm chuqurlikda chopiq qilinadi va begona oʼtdan tozalanadi.
Аtirgul shox-shabbasini kesish. Аtirgul asosan erta bahorda butaladi. Butalgan shoxlar yoz boʼyi kelgusi yil uchun oʼrinbosar novdalar chiqaradi. Gullaydigan atirgullar kalta qoldirib butaladi. Yer muzlashdan bir necha kun ilgari atirgul tuplaridagi barglar batamom tushadi. Ortiqcha novdalar olib tashlanadi.
Tup boʼgʼizi atrofiga 40–50 sm balandlikda tuproq oʼyiladi. Shu tarzda atirgullar qishlaydi. Erta bahorda kurtaklar boʼrtmasdan oldin boʼgʼiz atrofidan tuproq olinadi, usti ochiladi, ildiz boʼgʼizi tozalanadi, shikastlangan va singan, uchlarini sovuq urgan novdalar qirqib tashlanadi.
Kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish. Shiraga qarshi 20 g anabazin yoki nikotin sulfatni yohud 50 g yashil sovunni 10 l suvga qoʼshib tayyorlangan eritma purkaladi. Oʼrgimchakkanaga qarshi tiofos eritmasi purkaladi. Bu eritma 10 l suvga 5–6 g tiofos solib tayyorlanadi. Un-shudring kasalligiga qarshi 10 l suvga 20 g toʼtiyoyi va 200 g yashil sovun qoʼshib tayyorlangan eritma ishlatiladi. Аtirgulning zang kasalligiga moyilligi kuchli. Unga qarshi oltingugurt sepiladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: