Issiqxonada sabzavot yetishtirish yilning istalgan vaqtida aholini yangi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlash imkonini beradi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda 6,5 ming gektarga yaqin issiqxonalar mavjud bo‘lib, shundan 1,1 ming gektar yoki 17 foizi gidroponika, 4,9 ming gektar yoki 83 foizi tuproq usulida yetishtirishga asoslangan oddiy issiqxonalardir.
2021-yilda respublika issiqxonalarida 271 ming tonna mahsulot, xususan, 167 ming tonna pomidor (53 foiz) yetishtirildi. 2022-yilda esa jami 342 ming tonna mahsulot yetishtirish rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 199 ming tonnasi (59 foiz) pomidorga to‘g‘ri keladi.
Respublikamizning Buxoro, Xorazm, Samarqand va Toshkent viloyatlaridagi issiqxonalarda yetishtirilayotgan mahsulotlarning asosiy qismini pomidor tashkil etadi.
Hozir O‘zbekistondagi issiqxonalarda sabzavot yetishtirishda zamonaviy texnologiyalar qo‘llanilmoqda. Issiqxonalarda o‘g‘it va sug‘oriladigan suv sarfini kamaytirish maqsadida tomchilatib sug‘orish, masofadan boshqarish va gidroponika usulidan foydalanilmoqda. Natijada bunday issiqxonada yetishtirilgan hosil an’anaviy usulga nisbatan 30 foizga ortib, suv va o‘g‘it sarfi esa 30–40 foizga kamaymoqda.
Tomchilatib sug‘orish tizimi va gidroponika usul joriy etilgan issiqxonalar uchun o‘g‘itlarni masofadan turib avtomatik tarzda kiritish tizimi joriy etilmoqda, agrokimyoviy laboratoriyalar o‘rnatilmoqda.
Yetishtirish usuli tuproqqa asoslangan, ya’ni oddiy issiqxonalarni ishga tushirishdan oldin yerga organik va mineral o‘g‘itlar beriladi, so‘ngra tuproq shudgorlanadi va tekislanadi. Urug‘lar unib chiqqunga qadar harorat +24 °C darajasida saqlanadi. Urug‘lar va ko‘chatlar bir vaqtda bir xil o‘sib-unib chiqishi uchun shunday qilinadi.
Kuz-qish davrida urug‘lar 1–15-iyulda, 30 kunlik ko‘chatlar esa issiqxonaga 10–20-avgustda ekiladi. Avgust-sentabr oylarida o‘simliklar har 5–7 kunda, keyin esa oyiga 3 marta sug‘oriladi.
Qish-bahor davrida urug‘lar 1–20-dekabrda ekiladi, 45–55 kunlik ko‘chatlar issiqxonalarga yanvar oyining oxiri – fevral boshida ekiladi. Qishda har 7–8 kunda, quyoshli kunlar boshlanishi bilan esa har 2–3 kunda sug‘orib turiladi.
Oraliq mavsumda urug‘lar 1–15-avgustda ekiladi, 30 kunlik ko‘chatlar esa shu oyning birinchi yarmida yerga qadaladi. Dekabr oyining o‘rtalarida pomidor o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga yetadi. Shuning uchun o‘simlik 0,7 metrga, fevral oyining oxirida esa yana 1 metrga tushiriladi. Natijada, o‘simlik yana o‘sishni boshlaydi va 1 m2 dan olinadigan qo‘shimcha hosil 2,0–3,5 kg ni tashkil qiladi.
Bitta pomidor C vitaminiga bo‘lgan kunlik ehtiyojning taxminan 40% ni qoplay oladi. Pomidorda, shuningdek, A, B vitaminlari va kaliy, fosfor, kalsiy singari boshqa minerallar mavjud.
Issiqxonalarda pomidorning Rossiyadan keltirilgan “Gamayun”, Isroildan olib kelingan “Abigal A-870”, “Nadin”, “Nemo-Nadin”, “Neli FA1410”, “Sharlotta FA1402” va “Tavi Roka”, Fransiya seleksiyasiga mansub “Algambra”, “Bona”, “Sita”, “Prima” navlaru hamda Gollandiyada yaratilgan “Antiniya”, “Buran”, “Videtta”, “Marfa”, “Omad” duragaylari yetishtirilmoqda.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi maʼlumoti asosida tayyorlandi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: